O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega tashrifi jarayonida Tojikiston bilan vizasiz rejim to‘g‘risidagi kelishuv imzolanishi mumkin. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov 15 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning Tojikistonga tashrifi vaqtida tegishli kelishuvga erishildi.

«O‘ylaymanki bu navbatdagi jiddiy qaror. U Tojikiston fuqarolari o‘rtasida ham katta qiziqishlarga sabab bo‘ladi — birinchidan, bu qarindoshlarnikiga o‘zaro tashriflar, ikkinchidan esa bu turizm demakdir», — dedi turizm mahkamasi rahbari.

U Tojikiston aholisi uchun ham tibbiy turizm, ham Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini tomosha qilish qiziqarli bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.

Aziz Abduhakimovning dastlabki hisob-kitoblari bo‘yicha har yili Tojikistondan 150−200 ming sayyoh O‘zbekistonga tashrif buyurishi mumkin.

Viza rejimini bekor qilish yoki soddalashtirish ishlari bosh vazirning Tojikistonga tashrif buyurgan vaqtdan olib borilmoqda. MDH davlatlariga (Turkmanistondan tashqari) o‘xshash viza rejimini joriy etish rejalashtirilmoqda, deya aniqlik kiritdi Turizm qo‘mitasi vakili «Gazeta.uz"ga.

"Qanday yakuniy qarorga kelishimiz Shavkat Mirziyoyevning rasmiy tashrifi jarayonida aniq bo‘ladi. Bu davlat rahbarlari qanday qarorga kelishiga bog‘liq, chunki bu yerda juda ko‘p vaziyatlarni — logistikadan tortib chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlarigacha hisobga olish lozim: ular qayerlarga joylashtiriladi, kelgusida ular qayerda turadi va odamlar qanday qilib chegaradan o‘tadi", — dedi mahkama vakili.