O‘zbekistonning beshta shahrida istiqomat qiluvchi 240 mingdan ziyod aholi 25 yanvar kuni Jahon banki direktorlar kengashi tomonidan tasdiqlangan «Markazlashgan issiqlik ta’minoti samaradorligini oshirish va modernizatsiya qilish» loyihasi sharofati bilan isitish va issiq suv ta’minoti sohasida sifatli va samarali xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Loyiha Jahon banki tarkibidagi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining 140 mln AQSH dollari miqdoridagi krediti hisobidan amalga oshiriladi, deya xabar qildi bank matbuot xizmati.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning ko‘plab shaharlarida isitish va issiq suv ta’minoti ahvoli yomonlashdi, ayrim shaharlarda esa ushbu xizmat mutlaqo mavjud emas. Ko‘plab oilalar salomatlik uchun zararli, ishonchsiz, xavfsiz yoki qimmat turuvchi usullardan foydalanishga majbur bo‘ldi. Ayrim hududlarda bolalar bog‘chalari va maktabgacha ta’lim muassasalari kuz-qish mavsumida isitilmasdan, bolalar uchun mos sharoitlarni yarata olmay qoldi.

Loyiha shu kabi muammolarni O‘zbekistonda birinchi marta qo‘llanilayotgan markazlashtirilgan isitish tizimining zamonaviy modelini joriy etish yo‘li bilan hal etishga qaratilgan. Loyiha sharofati bilan Andijon, Buxoro, Chirchiq, Samarqand va Toshkentning Sergeli tumanidagi ko‘p qavatli turar joylarda istiqomat qilayotgan aholi uchun isitish va issiq suv ta’minoti xizmatlari yaxshilanadi.

Jamoat va ma’muriy binolar, jumladan bolalar bog‘chalari, maktablar, shifoxonalar va davlat muassasalarida ham isitish xizmatlari sifati yaxshilanadi. Loyida markaziy isitish tizimi infratuzilmalarini modernizatsiya qilish, uning salohiyatini kengaytirish va normativ-huquqiy bazani yaxshilash uchun ham mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Loyihani amalga oshirish natijasida uy xo‘jaliklarida isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanish darajasining pasayishi kutilmoqda. Bu elektr tarmoqlaridagi kuchlanishlar muammosini bartaraf etishga ham yordam beradi. Sektorning modernizatsiya qilinishi elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molining kamayishi, havoning zaharlanishi va issiqxona gazlari ajralib chiqishi darajasini pasaytirishga ham xizmat qiladi.

Jahon banki ayni paytda O‘zbekistonda umumiy qiymati 2 mlrd dollardan ziyod bo‘lgan 16 ta loyihani amalga oshirmoqda. Ular qishloq xo‘jaligi va suv resurslari, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim, shaharlarni rivojlantirish, suv ta’minoti hamda sanitariya sohalarini isloh qilishga qaratilgan.