Toshkentdagi 134-maktabning o‘n ikki yoshli o‘quvchisi Abdulloh Ro‘ziboyev anhorga tushib ketgan do‘stini qutqarish uchun o‘z hayotini qurbon qildi. Hodisa haqida O‘zbekiston FVV matbuot xizmati xabar qildi.

Abdulloh va Shohjahon darsdan so‘ng sayr qilishga qaror qiladi. Qoraqamishdagi anhor yoqasidan o‘tar ekan, kanal ustidagi quvurdan yugurib o‘tishga qaror qilishadi. Shohjahon sirpanib, suvga qulaydi.

Abdulloh o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi va uning ortidan suvga tushdi. Bolakay bir necha yil suzish bilan shug‘ullangan edi. Murabbiyning maslahatlarini esga olib, tezda ustki kiyimlarini yechadi va suvga tashlaydi.

Do‘stiga yetib olgan Abdulloh uni anhor qirg‘og‘iga olib chiqadi, biroq charchoq sababli o‘zi qirg‘oqqacha yeta olmay, sovuq suv uni pastga tortib ketadi.

Yosh qahramon endigina 12 yoshni qarshi olgan edi. Sinfdoshlari va o‘qituvchilarining aytishicha, u qo‘rqmas va namunali o‘quvchi bo‘lgan.