Finlyandiya dunyodagi eng baxtli mamlakat deb tan olindi. Bu har yili Xalqaro baxt kuni (20 mart) arafasida e’lon qilib boriluvchi Jahon baxtiyorlik hisoboti-2018 da keltirib o‘tilgan.

TASS xabariga ko‘ra, Finlyandiya o‘tgan yilgi ro‘yxatdagi beshinchi pog‘onadan 2017 yilgi yetakchi Norvegiyadan o‘zgan holda birinchi o‘ringa ko‘tarilgan. Birinchi o‘nlikdan Daniya, Islandiya, Shveysariya, Niderlandiya, Kanada, Yangi Zelandiya, Shvetsiya va Avstraliya ham o‘rin olgan.

O‘zbekiston reytingda (PDF) 156 mamlakat ichida 44-pog‘onani band etib, o‘tgan yilgi (47) bilan solishtirilganda, o‘z pozitsiyasini yaxshilagan. MDH davlatlari ichida esa O‘zbekiston birinchilikni saqlab kelayapti.

Sobiq ittifoq davlatlari baxt reytingida

  1. O‘zbekiston — 44-o‘rin
  2. Litva — 50
  3. Latviya — 53
  4. Rossiya — 59
  5. Qozog‘iston — 60
  6. Estoniya — 63
  7. Moldova — 67
  8. Turkmaniston — 68
  9. Belarus — 73
  10. Tojikiston — 80
  11. Ozarbayjon — 87
  12. Qirg‘iziston — 92
  13. Gruziya — 128
  14. Armaniston — 129
  15. Ukraina — 138

Jahon baxtiyorlik hisoboti 2012 yildan buyon Sustainable Development Solutions Network (SDSN, Barqaror taraqqiyot maqsadlarida yechimlarni topish bo‘yicha tarmoq) tashkiloti tomonidan BMT ko‘magida e’lon qilib kelinmoqda.

Reytingni tuzishda YAIMning aholi jon boshiga ulushi, hayot davomiyligi, fuqarolar erkinligiga rioya etilishi, bandlikning kafolatlangani, korrupsiya darajasi, shuningdek jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalari hisobga olinadi. Respondentlar shaxsiy erkinligi, ertangi kunga ishonch, saxiylik, quvonch va xotirjamlik uchun sabablar hamda boshqalar to‘g‘risidagi savollarga javob qaytaradi.

Ushbu reytingning so‘nggi o‘n pog‘onasidan Burundi, Markaziy Afrika Respublikasi, Janubiy Sudan, Tanzaniya, Yaman, Ruanda, Suriya, Liberiya, Gaiti va Malavi kabi davlatlar o‘rin olgan.

O‘tgan yillardagi hisobotlardan farqli ravishda, yangi reytingda ro‘yxatdagi 156 davlatning 117 tasidagi immigrantlarning baxtiyorlik va farovonlik darajasi ham baholandi. O‘zbekiston ushbu reytingda 50-pog‘onani band etdi.