14 mart kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 17- majlisi bo‘lib o‘tdi. Ushbu majlisda ikki mamlakat bosh vazirining birinchi o‘rinbosarlari Ochilboy Ramatov va Askar Mamin ishtirok etdi.
Qozog‘iston hukumati rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2017 yilda 2 mlrd dollarni tashkil etib, 2016 yilga nisbatan 31,2 foizlik o‘sish qayd etilgan.
Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikning o‘sish sur’atlarini hisobga olgan holda 2018 yilda savdo aylanmasi hajmini 3 mlrd dollarga va 2020 yilga borib esa 5 mlrd dollarga yetkazishga kelishib olishdi.
Uchrashuvda qayd etilishicha, o‘tgan yili o‘tkazilgan ikki yirik biznes forumda 1 mlrd dollardan ziyodroq summadagi tijoriy bitimlar imzolandi. O‘zbekiston tomoni Qozog‘istonning doimiy asosda Mintaqaviy hamkorlik forumini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Qozog‘istonda O‘zbekiston yili doirasida iqtisodiyot, turizm, madaniy-gumanitar sohada 200 dan ortiq tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Tomonlar Qozog‘iston va O‘zbekiston chegara hududlarida xalqaro Chegara hamkorligi markazi va transport-logistika markazi (Quruq port) qurilishi imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishdi. Shuningdek, apreldan muntazam ravishda «Samarqand-Ostona» yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi poyezdi qatnovini ishga tushirish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi. Qozog‘iston gazini O‘zbekiston hududi orqali Qozog‘iston janubiga yetkazib berish uchun texnik imkoniyatlarni yaratish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga kelishildi. 1 sentyabrga qadar tegishli shartnomaning imzolanishi kutilmoqda.