Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 aprel kuni 15 martda parlament Qonunchilik palatasi qabul qilib, 29 martda Senat tasdig‘idan o‘tgan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Hujjat 6 aprel kuni «Xalq so‘zi» gazetasida e’lon qilinib, shu kunning o‘zida kuchga kirdi.
Qonunga muvofiq, DXXning asosiy vazifalari O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligini va davlat manfaatlari tashqi hamda ichki tahdidlardan himoya qilinishini ta’minlash, mazkur sohada qonuniylik va qonun ustuvorligini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga barham berishdan iborat.
Davlat xavfsizlik xizmati ushbu sohada vakolatli davlat organi sifatida O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga bo‘lgan tajovuzlarning oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga barham berish bo‘yicha razvedka va kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish, O‘zbekistonning Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish yuzasidan faoliyat olib boradi.
Shuningdek, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari va mudofaa-sanoat majmuasini davlat xavfsizligiga bo‘ladigan xavf-xatarlar hamda tahdidlardan himoya qilish, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha strategik tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etadi.
DXX faoliyati asosiy yo‘nalishlari ro‘yxatida terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilikka, qurol-yarog‘, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash, davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi milliy, etnik va diniy adovatni targ‘ib etishga qaratilgan buzg‘unchilik faoliyatining oldini olish, uni aniqlash va unga barham berish,
iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy va axborot sohalarida davlat xavfsizligini ta’minlash, O‘zbekiston xalqining madaniy-tarixiy hamda boy ma’naviy merosini himoya qilish ham o‘rin olgan.
DXX davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat manfaatlariga hamda xavfsizligiga tahdid soluvchi korrupsiya holatlariga qarshi kurashish bilan ham shug‘ullanadi.
Shuningdek, telekommunikatsiyalar va transport sohasida davlat xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarga shart-sharoit yaratuvchi omillarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga barham berish ham DXX faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan o‘rin olgan.
DXX tergovi vakolatiga kiritilgan jinoyat ishlari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni o‘tkazish, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat sirlarining saqlanishini, maxsus aloqaning xavfsizligini ta’minlash hamda axborotning kriptografik himoyasini tashkil etish ustidan nazorat qilish bilan ham shug‘ullanadi.
Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilish, fuqarolarning yordamiga tayanish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi ustuvorligi, yagonalik, mustaqillik, konspiratsiyadan iborat.
Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari o‘z faoliyatini fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilish asosida amalga oshiradi.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlaydi.
Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari fuqaroning shaxsiy hayotiga taalluqli bo‘lgan, uning sha’ni, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlarni, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, oshkor qilish huquqiga ega emas.
Davlat xavfsizlik xizmatiga O‘zbekiston prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan rais boshchilik qiladi. O‘zbekiston prezidentining Davlat xavfsizlik xizmati raisini tayinlash va lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonlari O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat xavfsizlik xizmati bevosita O‘zbekiston prezidentiga bo‘ysunadi va unga hisobdor.
Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasini o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan muntazam ravishda xabardor qiladi.