Surxondaryo viloyati Angor tumanida istiqomat qiluvchi 81 yoshli Elmurod bobo Choriyev velosipedda Qirg‘izistonga sayohatga otlandi.
Bir kunda yo‘lning past-balandligiga qarab 70−80 km dan 120−130 km gacha masofani bosib o‘tayotgan bobo Surxondaryodan Toshkentgacha 8 kunda yetib kelgan.
Elmurod boboning aytishicha, u avvaliga Xitoygacha borishni mo‘ljal qilgan edi. Biroq viza va boshqa xarajatlar qimmatga tushgani uchun safarini Qirg‘izistonda yakunlashga qaror qildi.
«1958 yilda Andijon shahrida ochilgan bir yillik savdo kursida tahsil olganman. O‘shanda uch do‘stim bilan Qirg‘izistonning O‘sh shahriga sayohatga borganmiz. O‘sh va boshqa shaharlariga borib, rasmga tushib qaytmoqchiman», — dedi bobo «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda.