Buxoro viloyat sudi tomonidan 8 iyun kuni asossiz javobgarlikka tortilgan O.Qo‘ziyev va O.Mehmonovga oid jinoyat ishi harakatdan tugatilib, adolatsizlik qurboni bo‘lgan yana ikki nafar shaxs oqlandi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi raisi o‘rinbosari A.Shaydoyev «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Jinoyat ishi hujjatlarida O.Mehmonov 2015 yil 13 iyuldan 25 avgust kuniga qadar AT «Xalq bank» Qorako‘l filiali boshqaruvchi vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimida ishlab, bosh hisobchi vazifasini vaqtincha bajaruvchi O.Qo‘ziyev, kirim kassa kassirlari M.Nazarova, D.To‘rayeva va Sh.Hamroyeva bilan til biriktirgani qayd etilgan.

Ular 50,7 mln so‘m miqdoridagi talab qilib olinguncha omonat pullarini kirim qilinganligi to‘g‘risidagi soxta ma’lumotlar tayyorlaganlikda ayblangan.

O.Mehmonov va O.Qo‘ziyevlar tomonidan keltirilgan shikoyatda mansab vakolatini suiiste’mol qilmagani, hujjatlarni qalbakilashtirmagani, o‘z vazifalarini qonunga asosan bajarganini bildirishgan.

JKning 9-moddasida shaxs qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmishi uchungina javobgar bo‘lishi belgilangan.

Sudda O.Mehmonov va O.Qo‘ziyevning g‘araz maqsadda harakat qilgani, shuningdek ularning harakatlari oqibatida davlat va jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilganligini tasdiqlovchi dalillar aniqlanmadi.

Yuqoridagi holatlarni inobatga olib, jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi kassatsiya sudlov hay’ati tomonidan O.Mehmonov va O.Qo‘ziyevning qilmishlarida jinoyat tarkibi mavjud bo‘lmaganligi sababli, jinoyat ishining ularga oid qismi tugatildi. O.Mehmonov va O.Qo‘ziyev aybsiz deb topildi va oqlandi.