15 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga ramziy tamal toshi qo‘ydi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Davlat rahbari tadbirga yig‘ilgan diniy ulamolar va barcha yurtdoshlarimizni Ramazon hayiti bilan tabriklab, markaz qurilishining shunday ulug‘ ayyom kunida boshlanayotgani zamirida ezgu niyat, chuqur mazmun borligini ta’kidladi.
«Bu markazni qurishdan maqsad islom ma’rifatini o‘rganish, bobolarimizning buyuk merosini avvalambor xalqimizga, dunyo hamjamiyatiga yetkazishdir. Xudo xohlasa, hamma sa’y-harakatlarimiz yoshlar ta’lim-tarbiyasiga, ilm-fanga, madaniyatga, tinchlik-osoyishtalikka zamin yaratadi», — dedi Prezident.
Vazirlar Mahkamasi huzurida faoliyat yuritadigan ushbu markazning asosiy g‘oyasi ajdodlarimizning islom dini rivojiga ulkan hissasini targ‘ib etish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishdir. Shu maqsadda bu yerda muzey tashkil etiladi, ilmiy faoliyat yo‘lga qo‘yiladi. Vatanimizdan yetishib chiqqan olim va mutafakkirlar merosining tarixiy va zamonaviy sivilizatsiyadagi o‘rni tadqiq etiladi. Ularning ilmiy-ma’naviy jasorati, ulug‘ insoniy fazilatlari keng targ‘ib qilinadi. Mumtoz adabiyot va san’at namoyandalari ijodining insonparvarlik mohiyati chuqur ochib beriladi.
Markaz binosi mamlakatdagi qadimiy madrasalar ko‘rinishida, gumbazli qilib quriladi. Kutubxona, axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar, konferensiya zali, xizmat xonalari va boshqa ob’ektlarni o‘z ichiga oladi.
«Biz shunday buyuk merosning davomchilari bo‘la turib, ilmda ortda qoldik. Bugungi tashabbuslarimiz,boshlagan ishlarimizni barcha musulmon mamlakatlari tan olyapti. Endi shunga munosib bo‘lishimiz, ilm-ma’rifatda o‘rnak bo‘lishimiz kerak» -, dedi davlat rahbari.
Jamiyatda mehr-oqibat muhitini yaratish, adashganlarni avf etish, imom-xatiblar malakasini oshirish, yoshlar tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Xuddi shu kuni mamlakat rahbari O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydi, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat etilib, marhumning haqiga duo qilindi.