Birinchi chorak yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning tashqi qarzi 14,5 mlrd dollardan 14,7 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar qildi.

Tashqi qarz davlat va xususiy tashqi qarzlardan tashkil topgan. Davlat sektorida tashqi qarzning o‘sishiga asosan kurs o‘zgarishlari ta’sir ko‘rsatgan. Davlat tashqi qarzi qoldiq summasi esa 7,6 mlrd dollardan 7,9 mlrd dollarga yetgan.

Xususiy tashqi qarz bo‘yicha majburiyatlarning o‘sishi asosan bank sektoriga (70 mln dollar) va nobank moliya muassasalari (3 mln dollar) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shu bilan birga, xo‘jalik sub’ektlarining xususiy tashqi qarz summasi asosiy qarz va foizlar bo‘yicha qarzdorlikning qoplanishi hisobiga 222 mln dollarga kamaygan. Natijada xususiy tashqi qarz bo‘yicha qarzdorlik 6,3 mlrd dollardan 6 mlrd dollarga kamaygan.

Hisobot davrida O‘zbekistonning norezidentlar oldidagi majburiyatlari 26,1 mlrd dollargacha oshdi. Asosiy o‘sish to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va qarzlar hajmi bilan bog‘liq. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar bo‘yicha majburiyatlar yanvardagi 5,3 mlrd dollardan aprelda 5,5 mlrd dollarga (4,2 foizga) o‘sdi.