O‘zbekistonlik yosh shaxmatchilar Minskda (Belorus) bo‘lib o‘tgan shaxmatning blits va rapid yo‘nalishida o‘smirlar o‘rtasidagi ikkinchi jahon chempionatida 9 ta medal qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy saytida xabar berildi.

O‘zbekiston beshta oltin va to‘rtta kumush medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarni Rossiya (2−3−6) va Ukraina (2−2−2) band etdi.

O‘zbekistonlik yosh shaxmatchilar rapid yo‘nalishida 2 ta oltin (Humoyun Begmurotov, Umida Omonova), 2 ta kumush (Afro‘za Hamdamova, Olmos Rahmatullayev), blits bellashuvlarida esa 3 ta oltin (Humoyun Begmurotov, Afro‘za Hamdamova, Umida Omonova) hamda 2 ta kumush (Ruqiya Olimova, Shahrombek Karimov) medallarini qo‘lga kiritdi.

Jahon birinchiligida 27 davlatdan 780 nafar sportchi ishtirok etdi. Chempionat shveysar tizimida to‘qqiz turni o‘z ichiga oldi.