Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on ichki ishlar bo‘limi tezkor xodimi San’at Umarov ayol kishini tahqirlab, uni butkul yalang‘och holgacha yechinishga majburladi. O‘zbekiston bosh prokurori ishni alohida nazoratga oldi, deya xabar qildi Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Surayyo Rahmonova «Gazeta.uz"ga.
Chorshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimi qo‘lga olingan ayol kishining sha’ni va obro‘sini tahqirlagani tasvirlangan video tarqaldi. Yozuvda San’at Umarov ayolni so‘kib, yerga urib, unga baqiradi va so‘ngra yalang‘och holatda ko‘chaga chiqishga majburlaydi.
Bosh prokuraturadan qayd etilishicha, ayni paytda tergovchi qo‘lga olingan, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘ziga qonun bilan berilgan vakolatlar doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni qasddan sodir etishi, fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Kattaqo‘rg‘on IIB rahbariyatiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.
«Bu kishini g‘azablantiruvchi holat. Mansabi va vakolatidan qat’i nazar bunday ishga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Mazkur ish bosh prokurorning alohida nazoratiga olingan», — dedi Surayyo Rahmonova.