Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 4 iyul kuni maktab ta’limi sohasidagi muammolar bilan tanishish maqsadida Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi, deya xabar qildi XTV matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.Tashrif davomida ko‘plab kamchiliklar, jumladan tizimli muammolar aniqlandi. Qator maktablarda 35−45 yildan buyon kapital ta’mirlash ishlari olib borilmagan, joriy ta’mirlashga esa keraklicha mablag‘ ajratilmagan.

Viloyatdagi 349 ta maktab kapital ta’mirga muhtoj, 18 ta maktab to‘liq ta’mirlanishi zarur. 336 ta maktabda jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari uchun sport zallari yo‘q. 629 ta maktab hududi devor bilan o‘ralmagan.

474 ta maktabda o‘quvchilar soni sig‘imdan 50 foiz ortib ketgani sababli o‘quv mashg‘ulotlari ikki smenada tashkil etilgan. Bu esa ta’lim jarayoni sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Samarqandda so‘nggi yillarda ko‘plab ko‘p kvartirali uylar qurilgan, biroq aholi uchun qo‘shimcha maktablar bunyod etilmagan.

Ko‘plab maktablarda kerakli darajada faoliyat olib borish uchun zarur bo‘lgan eng oddiy sharoitlar ham yetishmaydi. Ayniqsa uzoq tumanlardagi maktab filiallaridagi vaziyat yomon. Filial maqomiga ega bo‘lgani uchun ular kapital va joriy ta’mirlash dasturlaridan tushib qolavergan.

Sherzod Shermatov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchilar oyliklari va ishlash sharoitlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish, ularning jamiyatdagi obro‘sini oshirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rish vazifasini topshirganini ma’lum qildi.

«Hozirgi holat taraqqiyot uchun zarur bo‘lgan darajada emasligi afsuslanarli. Ta’lim tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas choralarni ko‘rishimiz kerak», — dedi u.

Vazir viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbariyatiga ishga munosabatni qayta ko‘rib chiqish va zudlik bilan eng o‘tkir muammolarni hal etishga kirishish vazifasini topshirdi.

O‘rganishlar natijalari bo‘yicha maktab ta’limi sohasidagi tizimli muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.