Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2018 yilning 6 oyi davomida 9 829 ta qonun buzilishi holati aniqlandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Qonun buzilishlarning 5 705 tasi hokimlik organlari, 776 tasi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, 538 tasi qurilish va 47 tasi kadastr idoralari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 4 mingga yaqin ta’sir choralari qo‘llanilib, 183 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, 30 nafar shaxs vazifasidan ozod etilgan, 155 nafar shaxs esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Xabarda aytilishicha, davlat xizmatlari xizmatlari markazining tashkil etilishi natijasida aholiga ko‘rsatiladigan xizmat sezilarli darajada o‘sdi. 2017 yil davomida «Yagona darcha» orqali 120 000 xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2018 yilning aprel-iyun oylarini o‘zida 1 milliondan ko‘proqni tashkil etdi.

2017 yilda markazlar orqali ko‘rsatiladigan xizmat turlari 32 tani tashkil etgan bo‘lsa, hozirda xizmat turlari 100 taga yetkazildi.

«2017 yilda Markazlarga 1 kunlik aholi oqimi o‘rtacha 20−40 kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 350−600 nafarni tashkil etmoqda», — deyiladi xabarda.

Andijon, Samarqand, Nukus, Mirzacho‘l, Termiz va Toshkent shaharlarida Davlat xizmatlari markazlarining innovatsion binolarini davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etishga kirishildi.