Farg‘ona viloyati Oltiariq tuman Poloson qishlog‘ida tez tibbiy yordam shifokori bemor qarindoshining hujumidan jabrlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.
2018 yil 3 avgust kuni 16:30 da tuman tez tibbiy yordam xizmatiga Poloson qishlog‘ida yashovchi Mirzajalil Hakimovning (1949 yilda tug‘ilgan) qarindoshlaridan uning xushsiz holda yotgani haqidagi murojaat kelib tushadi.
Chaqiriq markaziy tez tibbiy yordam orqali qabul qilinib, 16:31 da 89- qishloq oilaviy shifoxonasiga beriladi. Tez tibbiy yordam xodimlari — bo‘lim navbatchi shifokori Shuhratbek Sirojiddinov va hamshira Umidaxon Husanova — 16:32 da chaqiruv bo‘yicha yo‘lga chiqadi.
Tez tibbiy yordam brigadasi 16:36 da, ya’ni 4 daqiqa ichida manzilga yetib boradi. SSVning qayd etishicha, vazirlikning 19 fevraldagi 105- buyrug‘iga ko‘ra, tez tibbiy yordam brigadasi chaqiruv bo‘yicha 25 daqiqa ichida yetib borishi lozim.
Navbatchi shifokor mashinadan tushib, bemorni ko‘rish uchun uyga kirganida, bemorning nevarasi shifokorni haqoratlab, uni uradi. Shuhratbek Sirojiddinov boshiga kutilmagan zarba kelib tushishidan xushini yo‘qotadi.
«Hattoki shunday holatda ham o‘z xizmat majburiyatini unutmagan hamshira Umidaxon Husanova uyga kiradi va bemorni ko‘rikdan o‘tkazib, unda hayot alomatlari yo‘qligini aniqlaydi», — deyiladi xabarda.
Shuhratbek Sirojiddinov Oltiariq tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga og‘ir ahvolda olib boriladi. Unga yopiq bosh miya suyagi sinishi, bosh miya chayqalishi va boshqa tashhislar qo‘yildi.
«Yuqoridagi kabi malakali shifokorlarning kaltaklanishi va haqorat qilinishi tibbiyot xodimlarining himoyasiz ekanini tasdiqlaydi, — deya qayd etdi SSV. — So‘nggi vaqtlarda bunday holatlarning tez-tez sodir bo‘layotgani tajribali shifokorlarning tibbiyotning boshlang‘ich tizimini tark etishiga sabab bo‘layapti».
Sog‘liqni saqlash vazirligi hodisa bo‘yicha qonuniy chora ko‘rilishi uchun Farg‘ona viloyat huquq-tartibot organlariga murojaat qildi.