Demokratiya va inson huquqlari instituti O‘zbekiston bosh prokurori Otabek Murodovga Marg‘ilondagi mehribonlik uyining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatgan xodimlariga chiqarilgan sud hukmini bekor qilish tashabbusi bilan chiqishni iltimos qildi. Murojaat institut direktori, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Maslahat kengashi a’zosi Sayyora Xodjayeva tomonidan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilindi.

«Farg‘ona viloyat sudining tarbiyachilar ustidan zo‘ravonlik qilish va pul o‘g‘irlashda aybdor deb topilgan Marg‘ilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyi direktori va xodimlariga nisbatan o‘ta yumshoq hukm chiqargani holati bo‘yicha Sizga murojaat yo‘llamoqdamiz. Bolalar uyi rahbariyati va xodimlari davlat va xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratilgan pullarni o‘marish, shuningdek tarbiyachilarga nisbatan jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik ishlatganlikda ayblangan», — deyiladi xatda.

Institut O‘zbekiston sobiq Ittifoq mamlakatlari ichida birinchilardan bo‘lib BMTning «Bola huquqlari to‘g‘risida"gi Konvensiyasini ratifikatsiya qilgani va 2008 yilda «Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunni imzolaganini eslatib o‘tdi. «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunning 10-moddasida davlat bolaning shaxsi, turar joyi daxlsizligini, xat-xabarlari sir tutilishini ta’minlaydi hamda bolani ekspluatatsiyaning barcha shakllaridan, shu jumladan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqqa solishlardan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, shahvoniy shilqimliklardan, jinoiy faoliyatga, fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb etilishdan himoya qilishni amalga oshiradi, deyiladi.

Xuddi shu qonunning 11-moddasida esa har bir bolaga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi, deyiladi.

«Marg‘ilon shahrida sodir bo‘lgan holat mazkur Mehribonlik uyi rahbariyati faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishga majbur hisoblangan vasiylik va homiylik organlari, xalq ta’limi organlari va boshqa nazorat qiluvchi organlarning to‘liq harakatsiz bo‘lganidan guvohlik beradi», — deya ta’kidlanadi murojaatda.

Sayyora Xodjayeva sud tomonidan jinoyatchilarga chiqarilgan jazo choralari jamoatchilik tomonidan salbiy qabul qilinganini ta’kidlab o‘tdi. «Fuqarolar nafaqat mansab jinoyatlari, balki mazkur Mehribonlik uyi xodimlarining hayvoniy instiktlari iskanjasida qolgan himoyasiz bolalar ustidan tahqirlashga nisbatan yumshoq hukm chiqarilganidan g‘azabga kelmoqda».

Bundan tashqari, «Farg‘ona viloyat sudi mazkur Mehribonlik uyini nazorat qiluvchi yuqori vasiylik va homiylik organlari, shuningdek xalq ta’limi organlari harakatsizligiga ham baho berishi, Xalq ta’limi vazirligiga shu kabi bolalar muassasalarida bu kabi noma’qulchiliklarning takrorlanmasligi uchun hodisaga aloqador javobgar shaxslarni intizomiy choralarga tortish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish to‘g‘risida hukm chiqarishi lozim edi», — deyiladi xatda.

Institut bosh prokurorga yumshoqlik uchun sud hukmini bekor qilishga norozilik kiritish, shuningdek Mehribonlik uyi faoliyatiga aloqador va javobgar shaxslar harakatsizligiga munosib baho berishni iltimos qilib murojaat qildi.

Bosh prokurorning qonunchilik tashabbusi huquqiga ega ekanini hisobga olib, institut undan «fuqarolarning bu kabi jinoyatlarni sodir etishdan ogohlantirish maqsadida» Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Jinoyat kodeksining voyaga yetmaganlarga nisbatan qasddan jinoyat sodir etganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish to‘g‘risidagi taklifni kiritishni so‘radi.

Qo‘shimcha ravishda keng jamoatchilikni jalb etgan holda O‘zbekistondagi mehribonlik uylarini hamkorlikda tekshirishga chaqirdi. Institut «mazkur tadbirda faol ishtirok etishga tayyor», deyiladi murojaatda.

Demokratiya va inson huquqlari instituti — nodavlat notijorat tashkilot bo‘lib, asosiy maqsadlari davlat hokimiyati va boshqaruvi hamda jamiyatda demokratiya tamoyillarini rivojlantirish, inson huquqlari himoyasi va madaniyatini targ‘ib qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirishdan iborat.