2018 yil 8 avgust kuni soat 23:45 larda Yunusobod tumani, A.Qodiriy ko‘chasi, 1-a-uyda joylashgan «Aurum» tungi klubi kirish eshigi oldida J.Kenjayev «Aurum» tungi klubi qo‘riqchilari Sh. Ilyasov va A.Mirzayev bilan o‘zaro janjallashib, yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan Sh. Ilyasovga va A.Mirzayevga tan jarohatlari yetkazgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar berdi.
Janjal davomida voqea joyida bo‘lgan «Aurum» tungi klubida qo‘riqlovchi yordamchi Sh.Qilichov fuqaro J.Kenjayevni qo‘lidan oshxona pichog‘ini tortib olib, unga sanchib, tan jarohatlari yetkazgan.
Tan jarohatlari olgan Sh. Ilyasov 7-sonli SHKSHga, A.Mirzayev 1-sonli Respublika klinik shifoxonasiga yotqizilgan.
Olgan tan jarohatlari bilan J.Kenjayev Yunusobod tumanidagi 7-sonli SHKSHga yotqizilib, tez tibbiy yordam ko‘rsatilsa-da, yetkazilgan tan jarohatlari natijasida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan 09.08.2018 yilda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Sh.Qilichovga nisbatan JKning 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uJPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Hozirda jinoyat ishiyuzasidan dastlabki tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, xalqaro toifadagi sport ustasi bo‘lgan Jamshid Kenjayev O‘zbekiston erkin kurash terma jamoasi safida bir qator xalqaro musobaqalarda ishtirok etgan.