Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida o‘zgarishlar yuzberishi, «Uzbekistan Tourism Industry Awards» mukofoti ta’sis etilishi, Yoshlar turizmi voqealari yagona taqvimi joriy etilishi va yoshlar xostellari tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bularning barchasi QHTBT portalida muhokama qilinayotgan Prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan, deyiladi Norma.uz xabarida.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining tuzilmasi o‘zgartiriladi

Quyidagilarni amalga oshirish ehtimoli ko‘rib chiqilmoqda:

yoshlar turizmini rivojlantirish, turizm sohasida innovatsiyalarni joriy etish va ta’lim xizmatlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari lavozimini joriy etish;

turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlashni muvofiqlashtirish bo‘limi negizida turizm sohasida innovatsiyalar va ta’lim xizmatlarini takomillashtirish boshqarmasini tashkil etish;

maxsus turlarni tashkil etish boshqarmasi negizida yoshlar turizmini rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasini tashkil etish.

Quyidagilar yangi joriy etilayotgan lavozimdagi rais o‘rinbosarining asosiy vazifalari etib belgilanishi rejalashtirilmoqda:

sayohatlarning arzon tushishini ta’minlash va turistlar uchun sharoitlarni yaxshilash, turizmning zamonaviy turlarini rivojlantirish bo‘yicha yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan takliflarni kiritish;

turizm sohasi uchun kadrlarni tayyorlash, turizm sohasi xodimlarining sifat jihatidan yuqori darajada muntazam qayta tayyorlanishi va malakasi oshirilishini tashkil etish, turizm sohasiga innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish;

turizm sohasidagi o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini tadqiq qilish, ta’lim muassasalarida kadrlar va mutaxassislarni professional tayyorlash yo‘nalishlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va kiritish;

yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni turizm sohasiga keng jalb etish, yoshlarning turizm sohasidagi istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish, shuningdek mazkur asosda yoshlar bandligini ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish.

Gidlar, ekskursovodlar va yo‘l ko‘rsatuvchi instruktorlar ko‘proq tayyorlanadi

2018 yil 1 sentyabrdan davlat ta’lim muassasalariga ichki turizm uchun gidlar, ekskursovodlar, yo‘l ko‘rsatuvchi instruktorlarni tayyorlash bilan, shuningdek tadbirkorlik sub’ektlariga malaka sertifikati berish huquqisiz turizm sohasidagi xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanishlariga ruxsat berish taklif etilmoqda.

«Turizm o‘quv-konsalting markazi» DUKga turizm sohasi xodimlari, gidlar, ekskursovodlar, yo‘l ko‘rsatuvchi instruktorlar, kasb-hunar kollejlarining hamda turizm sohasidagi xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi o‘quv markazlarining professor-o‘qituvchilari tarkibini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha yagona ta’lim va ilmiy-uslubiy siyosatini yuritish, shuningdek gidlar, ekskursovodlar, yo‘l ko‘rsatuvchi instruktorlarga malaka sertifikatini berish uchun mas’ul organ vakolatlarini berish taklif etilmoqda.

Gidlarni (ichki turizm uchun ekskursovodlar, yo‘l ko‘rsatuvchi instruktorlarni) tayyorlash, turizm sohasidagi xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga asos bo‘ladigan ta’lim dasturlari va o‘quv rejalari majburiy tartibda «Turizm o‘quv-konsalting markazi» DUK bilan kelishilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, 2018−2019 yillarda yoshlar turizmini rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish, turizm sohasida innovatsiyalarni joriy etish, ta’lim xizmatlarini takomillashtirish ko‘zlanmoqda.

«Uzbekistan Tourism Industry Awards» mukofotinijoriy etish tashabbusi bilan chiqdilar

Har yil yakunlari bo‘yicha turizm sohasi sub’ektlari orasida alohida nominatsiyalarda mukofot g‘oliblarini aniqlash va taqdirlash taklif etilmoqda.

Yoshlar turizmi voqealari yagona taqvimi ishlab chiqiladi

Yoshlar turizmi voqealari yagona taqvimiga kiritilgan tadbirlarni moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda yoshlar turizmi voqealari yagona taqvimini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. U Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Oliy va o‘rta maxsus, shuningdek Xalq ta’limi vazirliklari bilan birgalikdagi ishining mahsuli bo‘ladi.

Youth Hostels yosh turistlar xizmatida

Sayohat qilayotgan yoshlarga qulaylik yaratish maqsadida turistik salohiyati yuqori bo‘lgan joylarda yoshlar xostellarini (Youth Hostels) tashkil etish mo‘ljallanmoqda. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi huzuridagi «Yoshlar — kelajagimiz» jamg‘armasi uni moliyalashtirishni o‘z zimmasiga oladi.

Yoshlar xostellari:

kasb-hunar ta’limi tizimini yanada takomillashtirishni muvofiqlashtirish Respublika komissiyasining qaroriga ko‘ra kasb-hunar kollejlari yotoqxonalarining bo‘sh turgan (foydalanilmayotgan) binolari, shuningdek turizm sohasidagi kasb-hunar kollejlari yotoqxonalari negizida, kamida 200 kishilik va har bir xonada kamida 4 kishilik o‘rin bilan tashkil etilishi;

yoshlar xosteli sig‘imidan kelib chiqib hisoblangan o‘rindiqli joylar bilan turli yoshlar tadbirlarini o‘tkazish uchun xonalar mavjudligini nazarda tutishi;

shu jumladan davlat-xususiy sheriklik prinsipi bo‘yicha kasb-hunar kollejlari binolari negizida, ularni 30 yilgacha, biroq kamida 10 yil muddatga ijaraga bergan holda tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.

Loyiha rad etilishi, o‘zgartirilishi yoki unga qo‘shimcha kiritilishi mumkin.