Kuz oylarida bir qator FIFA kunlari mavjud. Ulardan unumli foydalanish maqsadida Ektor Kuper boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi 6 sentyabr kuni poytaxtdagi «Milliy» stadionida Suriyaga qarshi bahs olib boradi. O‘yin muxlislar uchun qulay bo‘lgan payt — soat 20:00da boshlanadi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
Bundan tashqari, oktyabr oyidagi FIFA kunlaridan ham unumli foydalanish rejalashtirilgan. 13 oktyabr kuni KXDR bilan, 16 oktyabr kuni esa Qatar terma jamoasiga qarshi Toshkentda o‘rtoqlik o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Hozirda qolgan FIFA kunlarida ham O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun o‘rtoqlik o‘yini tashkil qilish borasida muzokaralar olib borilmoqda. Jumladan, Eron futbol federatsiyasi bilan o‘tkazilayotgan muzokaralar ijobiy yakuniga yetsa, 11 sentyabr kuni yurtimizdagi futbol muxlislari Osiyoning ushbu grand jamoasini Toshkentda ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
O‘FA 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning bir qator futbol assotsiatsiyalar bilan o‘zaro imzolagan memorandumlari asosida, shuningdek, FIFA prezidenti Janni Infantino va OFK prezidenti Shayx Salmon Ibrohim bin Xalifa ko‘magi yordamida yuqorida nomi keltirilgan terma jamoalar bilan Toshkentda o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.