O‘zbekiston va Tojikiston Toshkentda 16 avgust kuni bo‘lib o‘tgan biznes-forumda 103,3 mln dollarlik 11 ta shartnomani imzoladi, deya xabar qildi Tashqi savdo vazirligi (TSV) «Gazeta.uz"ga.

Forumda o‘zbek tomonidan bosh vazir o‘rinbosari Nodir Otajonov, savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Sohib Saifnazarov, tojik tomonidan — investitsiya va davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi raisi Farrux Hamralizoda va savdo-sanoat palatasi raisi Sharif Said ishtirok etdi.

Tomonlarning qayd etishicha, joriy yilning birinchi yarmida savdo aylanmasi hajmi 35 foizga oshib, 160 mln dollarni tashkil etganiga qaramasdan, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik mavjud imkoniyatlar darajasida emas.

O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari savdo aylanmasini 2020 yilgacha 500 mln dollarga yetkazishni mo‘ljallamoqda. Mazkur natijaga erishish uchun o‘zbek tomoni tojik kompaniyalarini O‘zbekiston banklari taqdim etayotgan 100 mln dollargacha bo‘lgan savdo operatsiyalarini moliyalashtirish mexanizmlaridan foydalanishga chaqirmoqda.

17−18 avgust kunlari Tojikiston prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida «Tojikistonda ishlab chiqarilgan» sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.