O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari vakillaridan iborat delegatsiya shu kunlarda Isroil davlatida bo‘lib turibdi. Bu haqda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ma’lum qildi, deyiladi O‘zA xabarida.

Xabarda aytilishicha, tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — sog‘liqni saqlash tizimidagi eng so‘nggi o‘zgarishlar, boshqaruvning samarali usullari, zamonaviy tibbiyot uskunalari va texnologiyalari bilan tanishish, xorijiy muassasa va mutaxassislar bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish.

Delegatsiya a’zolari Tel-Aviv, Quddus va Xolon shaharlarida bo‘lib, qator uchrashuv va muzokaralarda ishtirok etmoqda.

Tashrif doirasida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi direktori A.Burxonov Xolon texnologiyalar instituti vakillari bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida markaz rahbari O‘zbekistonda jamiyat hayotining barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish maqsadida qabul qilingan Harakatlar strategiyasi va uning doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha erishilgan natijalar haqida so‘zlab berdi.

Uchrashuv davomida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi faoliyati, uning vazifa va maqsadlari taqdimoti o‘tkazildi.

Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi bilan Xolon texnologiyalar instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat hamkorlikda yuqori texnologiyalar va zamonaviy innovatsiyalarni O‘zbekistonda joriy qilish, birgalikda ilmiy tadqoqotlar hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Isroilda sog‘liqni saqlash tizimi, vazirlik, tez tibbiy yordam, milliy tibbiy sug‘urta tizimi, davlat tibbiyot markazi, xususiy shifoxonalar, bolalar va ayollar uchun ixtisoslashgan bo‘limlar faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Yurak-qon tomirlari va onkologik kasalliklarga ixtisoslashgan hamda halqaro standartlar asosida yuqori sifatli xizmatlar ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalarining ish tajribasini o‘rganishdi.

Vakillarimiz Xolon shahridagi «Volfson» shifoxonasi qoshida tashkil etilgan «Save Childs Heart» loyihasi ishtirokchilari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.

O‘tkazilgan muzokaralar natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi bilan Isroilning «Sheba» davlat tibbiyot markazi, «Schneider» bolalar tibbiyot markazi, «Magen David Adon» tez tibbiy xizmati hamda «LR group» kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari, shuningdek, ikki davlat vazirliklarining telemeditsina yo‘nalishidagi kelishuv hujjatlari imzolandi.