Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 sentyabr kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Birinchi prezident haykali poyiga gul qo‘ydi. Uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
«Bu Shavkat Mirziyoyevning o‘z ustozi, mustaqilligimiz asoschisi bo‘lgan Islom Karimovga yuksak hurmatining yana bir ifodasi bo‘ldi», — deyiladi xabarda.
Davlat rahbarining 2017 yil 25 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq 2 sentyabr Xotira kuni etib belgilangan. Bu kuni Islom Karimovning hayoti va serqirra faoliyatini yod etish yaxshi an’anaga aylangan.
Gul qo‘yish marosimida parlament va hukumat a’zolari, fan va madaniyat namoyandalari, yoshlar, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Birinchi Prezidentning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qo‘yildi.