Samarqand davlat chet tillar institutida Amerika Qo‘shma Shtatlarining Vebster universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Zarafshon» gazetasi saytida xabar berildi.

Joriy yilning may oyida Vebster universiteti professor olimlari ilk bor Samarqandga tashrif buyurgan bo‘lsa, iyul oyi oxirida samarqandlik olimlar Amerikada bo‘lib, hamkorlik yuzasidan kelishuvlarga erishdi.

Mazkur universitet vitse-prezidenti Piter Maxer va chet tili fakulteti dekani doktor Dje Kayzerning bu galgi tashrifi ham ishchan ruhda o‘tdi. Tadbirda tomonlar mazkur hamkorlik aloqalarining ikki tomon uchun foydali ekanligini qayd etishdi.

— Bugungi muzokaralar davomida «Ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘qitish» akademik dasturi bo‘yicha bir yillik magistratura kurslarini tashkil etishga kelishib oldik, — deydi Dje Kayzer. — Yurtingizda ta’lim sohasiga berilayotgan e’tibor, innovatsion g‘oyalarning qo‘llab-quvvatlanishi hamkorlik aloqalarimizning yaqin kelajakda yanada mustahkam bo‘lishiga xizmat qiladi.

Tashrif davomida mehmonlar SamDCHTI o‘qituvchilari bilan seminar-trening o‘tkazib, sohaga doir ilg‘or tajribalarini o‘rtoqlashdi. Yaqin kelajakda Vebster universiteti talabalari uchun Samarqandda qisqa muddatli «O‘zbek tili va madaniyati» o‘quv kurslarini tashkil qilish, amerikalik professor-o‘qituvchilarni institutning o‘quv jarayonlariga jalb etish masalalari yuzasidan kelishib oldilar.