Joriy yilning 7 sentyabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyevning YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Dendev Badarch bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar ikki tomonlama munosabatlar istiqboliga, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga, O‘zbekistonning madaniy merosini targ‘ib qilish tadbirlari o‘tkazilishiga taalluqli masalalarni muhokama qildilar.
Dendev Badarch O‘zbekistonda madaniyat, fan va ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi va mamlakatimiz bebaho milliy madaniy merosining saqlanishiga davlat darajasida yuksak e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Suhbat chog‘ida tomonlar Parijda imzolanishi kutilayotgan O‘zbekistonning YUNESKO bilan hamkorlik qilish dasturi mamlakat moddiy va nomoddiy madaniy merosini saqlash, ta’lim, fan va madaniyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha samarali aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.