Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi davom etmoqda. Unda «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida"gi hamda «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonunlar ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Qonun fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etish bo‘yicha fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga qulay sharoit yaratish, saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun bilan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ning vakolat muddati ikki yarim yildan uch yilga uzaytirilmoqda.
Saylovlarda bevosita fuqarolarning o‘zlari ko‘proq ishtirok eta olishini ta’minlash maqsadida saylov o‘tkazilayotgan hudud — hovlilar, uylar, ko‘chalardan fuqarolar vakilligining minimal normasini belgilanadi. Bunda har bir hududning aholisi soni inobatga olingan.
Qonunga ko‘ra, endilikda saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish masalasi bilan respublika darajasida Oliy Majlis Senati Kengashining komissiyasi emas, balki alohida tuziladigan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Respublika komissiyasi shug‘ullanishi belgilanmoqda. Uning tarkibiga parlament quyi palatasi deputatlari, Senat a’zolari, tegishli davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlar vakillari kiritiladi.
Mazkur qonun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylov jarayonining yanada ochiqligini ta’minlaydi, fuqarolar yig‘inining kadrlar salohiyatini va mahalla instituti faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.