Shu paytgacha bir necha bor sudlangan, koʻplab taksichilarni aldab, ularning mashinasidagi pullarni oʻgʻirlagan qizgan isbatan hukm oʻqildi. Bu haqda jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudining sudyasi Zafarbek Nurmatov “Gazeta.uz"ga maʻlum qildi.
Toʻlqin (ism-familiyalar oʻzgartirildi) Samarqand shahrining Ulugʻbek avtobekatida avtomashinasini bir chetda toʻxtatib, mijoz kutayotgandi. Bu orada bir necha nafar kishi unga Toshkent shahriga olib borishni tayinlab, u-bu narsalarni berib ketdi. Bir kishi esa, yelim xaltada pul olib keldi-da, shuni Toshkentga olib borib bersangiz. Sizni aytgan odamim kutib oladi, dedi u.
Soʻng u haydovchining qoʻl telefonidan Toshkentga qoʻngʻiroq qildi va avtomashinaning davlat raqamini aytdi. Shundan soʻng u omonatini qoldirib ketdi.
Oradan koʻp oʻtmay buyum va pul joʻnatmasini qabul qilgan taksi haydovchisi oldiga koʻrinishidan 23−25 yoshlar chamasidagi qoʻltiqtayoqli qiz keldi-da, Toshkent shahriga ketmoqchi ekanligini aytdi. Oʻz navbatida, Toʻlqin undan Toshkentning qaysi manziliga borishini soʻradi.
Bunga javoban haligi qiz dastlab Yashnobod tumanida yashovchi singlisidan uyining kalitini olib, soʻng Chilonzor tumaniga borishini aytdi.
Olis yoʻlga chiqqach, tabiiyki, zerikmaslik uchun oʻzaro suhbat boshlanadi. Haligi qoʻltiqtayoqli qiz gapga ancha chechan ekan. Hamrohlariga u oʻzini “Madina” deb tanishtirdi.
Uch yil muqaddam avtohalokatga uchragan ekan. Samarqandga davolanish uchun kelgan, endi davolanib, Toshkentga qaytayotgan ekan. Avtomashina salonidagi yoʻlovchilar uning ikki nafar yosh bolasi borligini eshitib, achinib qarashdi. Koʻzlarini yoʻldan uzmay avtomashinani boshqarib borayotgan Toʻlqin ham Madinaga xudo xohlasa, hali hech nima koʻrmagandek boʻp ketasiz, deya dalda berdi.
Xullas, ular Toshkentga yetib kelishgach, yoʻlovchilarning ikki nafari Chilonzorda, yana bir ayol esa, Aviasozlar bozori oldida tushib qoldi. Madinaning iltimosiga koʻra, T. Xoliqulov avtomashinani Yashnobod tumani tomon haydab ketdi.
Asalobod 2-dahasi “Majnuntol” qahvaxonasi yaqinidagi toʻqqiz qavatli 2-uyning oldiga yetib kelishgach, Madina avtomashinani toʻxtatishni soʻradi.
— Endi nima qilsam ekan, — dedi Madina toʻqqiz qavatli uyga qaragan koʻyi. — Lift ham ishlamaydi. Qoʻltiqtayoqda toʻqqizinchi qavatga qachon chiqib, qachon tushaman. Siz ham kutib qolasiz…
Oraga bir muddat sukunat choʻkdi. Toʻsatdan imkoni topilganidek birdan Madinaning yuzi yorishdi: — Iltimos, — dedi u yolvorgandek ovozda, — Siz chiqib, singlimdan uyning kalitini olib tushib bering.
Toʻlqin uning iltimosiga yoʻq deya olmadi va avtomashinadan tushib, toʻqqiz qavatli uyning zinalaridan koʻtarila boshladi. “Bu ayol toʻgʻri aytadi, — deya koʻnglidan kechirdi u. — Bu ahvolda eng tepa qavatga chiqib, tushadigan boʻlsa, uzoq vaqt kutib qolishimga toʻgʻri keladi. Qolaversa, savob ham boʻladi”.
U hansiragan koʻyi toʻqqizinchi qavatga koʻtarildi va boya Madina aytgan uy eshigining qoʻngʻirogʻini bosdi. Eshikni oʻn toʻrt — oʻn besh yoshlar chamasidagi bola ochdi. U Toʻlqinning muddaosini eshitgach, Madina degan ayolni umuman tanimasligini aytdi. Buning ustida toʻqqizinchi qavatda ularning oilasidan boshqa hech kim yashamas ekan.
Toʻlqin bu gaplarni eshitib, hayron qoldi. Keyin koʻngli qandaydir hadikni sezdi, shekilli, zudlik bilan pastga otildi. Toʻlqin pastga tushib ne koʻz bilan koʻrsinki, avtomashinada Madina yoʻq edi. U oʻrindiq ostidagi 2 million 500 ming soʻmni ham oʻmarib ketgandi…
Endi ikkinchi oʻgʻirlik voqeasiga eʻtibor qaratamiz.
Sud majlisida jabrlanuvchi tariqasida soʻroq qilingan Z. Ortiqovning koʻrsatma berishicha, u oʻzining boshqaruvidagi “Super Salon” rusumli avtomashinasida Qarshi shahridagi avtoturargohda yoʻlovchi kutib turgandi. Bir necha kishi unga poytaxtdagi tanishlariga olib borish uchun buyum hamda 1 million soʻmni berib ketishdi. Bir payt uning yoniga qoʻltiqtayoqli qiz kelib, Toshkent shahriga ketmoqchi ekanligini aytdi. U dastlab Yashnobod tumanida yashovchi singlisidan uyning kalitini olib, soʻng Chilonzor tumaniga eltib qoʻyishni soʻradi. Haydovchi qizning taklifiga rozi boʻladi.
Yarim soatga qolmay avtomashinaga yana uch nafar yoʻlovchi kelib oʻtirdi. Ular yoʻlga tushishdi. Bir zumda yoʻlovchilar oʻzaro tanishib olishdi. Qoʻltiqtayoqli qiz oʻzini Madina deb tanishtirdi va Toshkent shahrida savdo-sotiq bilan shugʻullanishi, bir nechta doʻkonlarni tovar bilan taʻminlashini aytdi. Zarif Ortiqov Toshkent shahriga yetib kelgach, boshqa yoʻlovchilarni aytgan manzillariga qoldirdi. Madinani esa oʻsha “Majnuntol” qahvaxonasi oldidagi toʻqqiz qavatli uy qarshisiga olib keldi.
Zarif ham birinchi voqeadagi Toʻlqin singari Madinaga rahmi kelib, toʻqqizinchi qavatga oʻzi koʻtarildi. Bu paytda qiz mashina oʻrindigʻi ostidagi 1 million soʻm pulni oʻgʻirlab, voqea joyidan gʻoyib boʻlgandi.
Tabiiyki, bu oʻgʻirlikdan soʻng ikki jabrlanuvchi — T. Xoliqulov bilan Z. Ortiqov ichki ishlar idoralariga murojaat qilishdi va makkora qizga nisbatan qidiruv eʻlon qilindi.
Bu paytda oʻzgalarning omonatini oʻmarishdan mazzaxoʻrak boʻlgan Madina yana Qarshi shahriga ketib borayotgandi. Haydovchi Z. Ortiqovni ipsiz bogʻlab ketganining uchinchi kuni u Qarshi shahridagi avtoturargohda haydovchi S. Boboqulov odamlardan “pochta” qabul qilayotganini biroz nariroqda kuzatib turadi.
“Qahramonimiz” haydovchi S. Boboqulov mijozdan qappayib turgan pul solingan yelim xaltani olib, oʻzining “Cobalt” rusumli avtomashinasi oʻrindigʻi ostiga qoʻyganini koʻrgach, asta-sekin yaqin keladi. U pulni qoʻlga kiritish uchun oʻzining avvalgi jinoiy rejasi boʻyicha ish tutdi.
Yoʻlda Madina Toshkent shahridagi “Abu Saxiy” buyum bozorida savdo-sotiq qilish bilan shugʻullanishini aytib, yoʻlovchilarni ham, avtomashina egasi S. Boboqulovni ham ishontiradi. Bu makkora ayol dunyoning juda koʻp mamlakatlarida boʻlgani, tanishlar orttirgani haqida ogʻiz koʻpirtirib maqtanadi.
Uning yolgʻon gaplariga barcha birdek ishonadi va unga havas bilan qarashadi. Hatto haydovchi undan qoʻl telefoni raqamini berishni iltimos qiladi.
Qisqasi, ular Toshkentga yetib kelishgach, voqealar rivoji xuddi oldingidek kechadi. Yaʻni S. Boboqulov ham oʻsha lifti ishlamaydigan uyning toʻqqizinchi qavatiga koʻtariladi va Madina aytgan eshikning qoʻngʻirogʻini bosadi. Eshikni rus millatiga mansub ayol ochadi va Madinani umuman tanimasligi, uni soʻrab kelgan birinchi odam emasligini aytadi.
Saʻdin Boboqulov toʻqqizinchi qavatga koʻtarilayotgan pallada avtomashinasida qolgan Madina qanday ishni doʻndirganini aytmasak ham oʻzingiz anglagan chiqarsiz. Ha, shunday: bu ayyor ayol avtomashinaning old oʻrindigʻi ostiga qoʻyilgan 2 million 700 ming soʻmni oʻgʻirlab, allaqachon voqea joyidan gʻoyib boʻlgandi.
— Men toʻqqizinchi qavatdan pastga tushgach, darhol qizga qoʻngʻiroq qildim, — deydi suddagi koʻrsatmasida jabrlanuvchi S. Boboqulov. — U telefonini koʻtardi. Pullarni qaytarishni, birovning omonati ekanini aytdim. Ammo u javob bermay, jim turaverdi…
Oʻzini “Madina” deb tanishtirgan bu qiz aslida kim?!
Aslida u Oygoʻzal Umarova boʻlib, u 1993 yilda Fargʻona viloyatining Quva tumanida tugʻilgan. Avtohalokatga uchramagan, turmushga chiqmagan, ikki nafar farzandi ham yoʻq. Bir oyogʻi yaxshi rivojlanmagani sabab Oygoʻzal bolaligidan nogiron. Savdo-sotiq bilan shugʻullanishi-yu, dunyoning koʻplab mamlakatlarida boʻlgani yolgʻon.
Oʻrta maʻlumotli O. Umarova muqaddam bir emas, uch marta oʻgʻirlik jinoyatini sodir etib, sud kursisiga oʻtirgan. Qonunlarda oʻz ifodasini topgan bagʻrikenglik, insonparvarlik tamoyillari bois sud tomonidan unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlangan. Ammo bu qizning koʻzi ochilmagan.
Shu oʻrinda odamlarda Yashnobod tumanining Asalobod 2-dahasidagi “Majnuntol” qahvaxonasi yaqinidagi 2-uyning toʻqqizinchi qavatidagi xonadon bilan O. Umarovaning biron-bir aloqasi bormi, degan savol tugʻilishi mumkin. Bunga aniqlik kiritadigan boʻlsak, yuqoridagi aynan bir-biriga oʻxshash jinoyatlarni sodir etishdan avval O. Umarova vaqtincha yashash uchun ijaraga uy izlagan. Oʻshanda ushbu binoning lifti nosozligini bilgan. Bundan tashqari toʻqqizinchi qavatdagi xonadon eshiklari qay yoʻsinda joylashgani va qanday rangda ekanini ham eslab qolgan.
Keyinchalik esa, u bunday jinoiy qilmishlarini amalga oshirishda ustalik bilan foydalangan.
Sud sudlanuvchi O. Umarovani Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga nisbatan besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Shuningdek, jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining 2015 yil 6 avgustdagi hukmining shartliligini bekor qildi. Jinoyat kodeksining 60-moddasiga asosan ilgarigi hukm yuzasidan tayinlangan jazoni qisman qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil besh yilu uch oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish toʻgʻrisida hukm chiqardi. Sud hukmida jabrlanuvchilar T. Xoliqulov, Z. Ortiqov va S. Boboqulovlarga sudlanuvchi tomonidan yetkazilgan moddiy zarar undirilishi alohida koʻrsatib oʻtildi.