«Yoshlar sport haftaligi» Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorligida Qoraqalpog‘istonning barcha tumanlarida namuna tarzida tashkil etildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Haftalik davomida sportning shaxmat-shashka, badiiy gimnastika, mini-futbol, voleybol, stol tennisi, badminton turlari bo‘yicha o‘yinlar tashkil etilib, ularda 200 ming nafarga yaqin yoshlar ishtirok etmoqda. Musobaqalar «Turon» stadioni, I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi oldidagi amfiteatr va Baxt uyi oldidagi maydonlarda bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu haftalik respublikamiz barcha hududlarida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur haftalikda ishtirok etayotgan Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ommaviy sport tadbirlari kuzatib bordi va yosh sportchilar bilan ularning kelgusidagi rejalari haqida suhbatlashdi.
Vazir, shuningdek, Qorao‘zak, Taxtako‘pir, Qo‘ng‘irot tumanlarida aholining barcha qatlamlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bilan tanishdi. Mahallalardagi sport bilan oshno bo‘lgan yoshi ulug‘ insonlar bilan bo‘lgan suhbatlarda aholini, ayniqsa, yoshlarni sportga qiziqtirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.
Qoraqalpog‘istonda «Yoshlar sport haftaligi» joriy yilning 6 oktyabriga qadar davom etadi.
Eslatish o‘rinli, prezident tomonidan joriy yilning 20 sentabr kuni jismoniy tabriya va sport masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda har yili ommaviy sport tadbirlari respublika taqvim rejasi doirasida «Ta’lim muassasalari haftaligi», «Xotin-qizlar haftaligi», «Mahalla haftaligi», «Nuroniylar haftaligi», «Yoshlar haftaligi» kabi shiorlar ostida ommaviy tadbirlar o‘tkazish vazifasi berilgan edi.