Toshkent shahar Mirobod tumanidagi Abdulla Avloniy mahallasida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

K.I. o‘zi tanish bo‘lgan yoki endigina tanishgan xotin-qizlarning ishonchiga kirib olgach, katta pul berishni va’da qilib, ularni Qozog‘iston Respublikasiga ishga yuborish bilan shug‘ullanib yurgan. Uning bu ishlarida ijtimoiy tarmoqlar juda qo‘l kelgan. O‘zi topgan qizlarni «Aleksandra» ismi bilan reklama qilish bilan ham shug‘ullangan.

Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan endigina 21 yoshni qarshilagan K.I.ning oilaviy ahvoli, oldin sudlanmagani, o‘z qilmishidan qattiq pushaymonligi hisobga olinib hukm chiqarildi.

Fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan aybdor, deb topilib, uch yil ishlagan daromadidan har oyda davlat hisobiga 20 foiz to‘lov to‘lashi lozimligi belgilandi.