«O‘zbekenergo» kompaniyasi 3 oktyabr kuni Xalqaro press-klub majlisida faxriy jurnalist, «Nuroniy» jamg‘armasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev tilga olgan Toshkent shahar elektr tarmoqlari mutasaddi rahbarlari tomonidan 1300 ta transformator sotib yuborilganini to‘g‘risidagi ma’lumotlarni rad etdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qildi.

«Xususan ustoz jurnalist, Toshkent shahrida 1300 ta transformator sotib yuborilganini va buning ustidan xech kim nazorat qilmaganligini iddao qildi. Ammo bu voqea qachon bo‘lganligi haqida hech narsa demadi.Ushbu gaplar qanchalik to‘g‘ri? Haqiqatdan ham yuqorida aytilganidek shuncha transformator issiz ketdimi?» — deyiladi bayonotda.

Kompaniyaning qayd etishicha, aslida shunga o‘xshash voqea haqiqatdan ham «Toshkent shahar Elektr tarmoqlari korxonasida» 2009 yilda bo‘lib o‘tgan. Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur korxonada olib borilgan tekshirish natijasida jami 541 ta transformator ortiqcha chiqqanligi aniqlangan hamda mutasaddidlarga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, shartli ravishda jazo tayinlangan hamda aministiya tufayli ozodlikka chiqarilgan.

«Aytish lozimki, Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 1300 transformator sotilganligi bilan bog‘liq voqea bo‘lmagan», — deyiladi bayonot davomida.

«Sir emas, bugun mamlakatimizdagi yechimini kutayotgan muammolardan biri, bu — elektr ta’minotidir. Aholining turli yuqori tashkilotlarga yo‘llayotgan murojaatlarining ham aksariyat qismini elektr ta’minotidagi uzilishlar tashkil etadi. Keyingi ikki yilda joylarda bu muammo biroz bo‘lsa-da hal etilgandek. Ko‘pgina hududlarda oldingidek muttasil uzilishlar kuzatilmayapti», — deyiladi rasmiy munosabatda.