O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan 8 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan Parij shahriga keldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan «Orli» xalqaro aeroportida O‘zbekiston rahbarini Fransiya Respublikasining rasmiy shaxslari kutib oldi.

Bugun Shavkat Mirziyoyev BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti bosh direktori Odri Azule bilan uchrashadi. Unda O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish istiqbollari muhokama etiladi hamda 2018−2021 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma Harakatlar rejasi qabul qilinishi kutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Senati raisi bilan va Fransiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashishi ko‘zda tutilgan.