O‘zbekistonning Moskvadagi yangi elchisi Botirjon Asadov Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ishonch yorliqlarini topshirdi, deya xabar qildi Kreml matbuot xizmati.

Ishonch yorliqlarini topshirish marosimi Katta Kreml saroyining Aleksandr zalida bo‘lib o‘tdi. Rossiya prezidentiga yangi tayinlangan 23 nafar elchi o‘z ishonch yorliqlarini topshirdi.

Vladimir Putin «O‘zbekiston — Rossiyaning strategik sherigi va ittifoqchisi» ekanini ta’kidlab, asosiy hisoblangan siyosiy, savdo-iqtisodiy, harbiy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama aloqalarning chuqur ekanini qayd etib o‘tdi.

«Umid qilamanki, kelgusi hafta Toshkentga amalga oshiriluvchi davlat tashrifi jarayonida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan mufassal muzokaralar bo‘lib o‘tadi va ular yakunlari bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo va tijoriy hujjatlar imzolanadi», — dedi u.

«O‘zbekiston rahbari bilan birgalikda Hududlararo hamkorlik forumi yig‘ilishida ishtirok etamiz hamda „Rosatom“ bilan birinchi o‘zbek atom elektr stansiyasi qurilishiga start beramiz», — dedi Rossiya prezidenti.

Botirjon Asadov (1978 y. t.) oktyabr oyi boshida O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi lavozimiga tayinlangan edi. Unga qadar u O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.