Endi O‘zbekiston fuqarolarining muqaddas ziyoratga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laqonli qondirish maqsadida Umra safariga boruvchi ziyoratchilarning sonini belgilash bo‘yicha (kvota) cheklovlar olib tashlandi. Bu haqda 25 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan «Haj va Umra safari to‘g‘risida» brifingda ma’lum qilindi, deya xabar berdi O‘zA.


Brifingda kuz mavsumidagi Umra ziyoratining dastlabki reysi joriy yilning 28 oktyabr kuni amalga oshirilishi e’lon qilindi.


Avvallari uzoq navbat kutib Umra ziyoratiga borgan fuqarolar 13 mln 650 ming so‘m miqdorida pul to‘lagan hamda ularga Makka va Madina shaharlarida yaratilgan shart-sharoitlar bugungi kunda taklif etilayotgan xizmat turidan ancha past va qimmat bo‘lgan.


Jamoatchilik kengashi tomonidan Umra safariga bormoqchi bo‘lgan har-bir fuqaro uchun to‘lanadigan mablag‘ qiymati 5 mln 804 ming so‘m (borish-kelish aviachiptasidan tashqari) miqdorda arzon bo‘lishiga erishildi. Mazkur mablag‘ga Saudiya Arabistoni Podshohligi rasmiy vizasi, Makka va Madina shaharlaridagi 5 va 4 yulduzli mehmonxona, o‘zbek oshpazlari tomonidan tayyorlanadigan taomlar, 24 soatlik bepul tibbiy xizmat, mamlakatimiz ramzlari tushurilgan maxsus libos, ibodat qo‘llanmasi, beyjik, zamonaviy transport hamda boshqa ziyorat xizmatlari kiritilgan. (Toshkent — Jidda — Toshkent aviachiptasi narxi 5 096 000 so‘m)


Shu bilan birga, hozirgi kunda Umra safariga borish istagida bo‘lgan fuqarolarning ko‘p yillik navbatini bartaraf etish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratib berish hamda turli xorijiy yo‘llar (xavfsizlik kafolatlanmagan tur firmalar) orqali mamlakatdan chiqib ketishlarining oldini olish maqsadida Umra mavsumini yil davomida tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi.