O‘zbekiston prezidenti 29 oktyabr kuni barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari rahbarlarining majburiy mehnatning har qanday shakl va ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi javobgarligini oshirish to‘g‘risida farmon qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu farmonga muvofiq, g‘alla ekish va sug‘orish ishlarini tashkil etish jarayonida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani bois Mirzayev Zoyir Toirovich O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksining rahbari lavozimidan ozod etildi.

Hujjatda O‘zbekiston bosh prokuroriga qishloq xo‘jaligi ishlari chog‘ida yo‘l qo‘yilgan qonun buzilish holatlari yuzasidan tekshirish o‘tkazish, O‘zbekiston bosh vaziriga, joylardagi davlat hokimiyati organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlariga majburiy mehnatning barcha shakl va ko‘rinishlariga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Dam olish kunlari ijtimoiy tarmoqlarda olti erkak boshini quyi solgancha ariqdagi suvga tushib turgani tasvirlangan fotosurat tarqaldi. Keyinroq esa yana olti erkakning yirik kesaklarni ko‘tarib turgan boshqa tasvirlari paydo bo‘ldi. Har ikki surat Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida tushirilgan. Qator ommaviy axborot vositalari bu vaqtda hududda Zoyir Mirzayevning bo‘lganini ma’lum qildi.

Fotosuratlar nafaqat tanqidlar markazida qoldi, balki ko‘plab hazil va parodiyalarga ham sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi dushanba kuni hodisa yuzasidan tekshiruv boshlangani hamda kim bo‘lishidan qat’i nazar, barcha aybdorlar jazoga tortilishini ma’lum qildi.

Zoyir Mirzayev 2016 yil dekabrida bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan edi. U 2018 yil fevraliga qadar ushbu lavozim bilan birgalikda qishloq va suv xo‘jaligi vaziri lavozimida ushbu vazirlik ikkita tegishli vazirlikka bo‘lingunga qadar faoliyat ko‘rsatdi. Avvalroq, 2010 yildan Samarqand viloyati hokimi bo‘lgan.