Yevropa ittifoqi bosh qarorgohi 2019 yilning boshida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga tashrifi amalga oshishi mumkinligiga umid bildirmoqda, dedi Yevroparlament deputati latviyalik Iveta Grigule-Peterse payshanba kuni.

1 noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston-YeI parlament hamkorligi qo‘mitasining 14-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘iliston bilan hamkorlik bo‘yicha delegatsiyasi raisi Iveta Grigule-Peterse yig‘ilishda Yevropa delegatsiyasiga rahbarlik qilmoqda.

«Bryussel sizning prezidentingizni kutmoqda — va bu keyingi yil boshida amalga oshsa yaxshi bo‘lar edi, agarda buning iloji bo‘lsa», — dedi u yig‘ilishni ochar ekan.

Yevrodeputatning fikricha, Shavkat Mirziyoyevning tashrifi O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi yaqin besh-o‘n yillik hamkorlikka aniqlik kiritadi. «Va buni yana bir yilga ortga surmaslik kerak. Bu [Yevropa tashqi aloqalar xizmatining] men keltirgan istagi», — deya qo‘shimcha qildi deputat.

U O‘zbekiston prezidentining 8−9 oktyabr kunlari Fransiyaga amalga oshirilgan tashrifi Yevroittifoq ommaviy axborot vositalarida yaxshi yoritilganini ma’lum qildi. «Tashrif juda yaxshi, juda omadli bo‘ldi», — deya qo‘shimcha qildi Iveta Grigule-Peterse.