1 yanvaridan boshlab Toshkentning Yunusobod tumanida sinov tariqasida elektr energiyasi va gaz iste’moli uchun bazaviy norma joriy etiladi, deya xabar qildi Adliya vazirligi Telegram-kanalida. Bu O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 1 noyabrdagi yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, bazaviy iste’mol normasi quyidagicha belgilandi:
- aholi iste’moli uchun elektr energiyasi bazaviy normasi oyiga bir abonentga 300 kVt.soat;
- aholi iste’moli uchun tabiiy gazning bazaviy normasi:
- isitish mavsumi davrida yakka tartibda isitiladigan uylar va kvartiralarda yashaydigan bir abonentga oyiga 1000 kub.m;
- boshqa holatlarda bir abonentga oyiga 250 kub.m.
Bunda aholi bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun hisob-kitoblarni amalga oshirganda:
- bazaviy norma doirasida — belgilangan tarif bo‘yicha;
- bazaviy normadan ortgan qismi uchun — belgilangan tarifga 1,2 baravar oshirilgan koeffitsiyent qo‘llaniladi.
Eksperiment 1 iyulga qadar davom etadi va uning yakunlari bo‘yicha bazaviy iste’mol normalarini qo‘llashni kengaytirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqiladi.