Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida -61 kg vazn toifasida erkaklar o‘rtasida «A» guruhi bahslari o‘tkazildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu vaznda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Adhamjon Ergashev dast ko‘tarishda 136 kg., siltab ko‘tarishda esa 157 kg. tosh ko‘tardi. Umumiy hisobda 293 kg. natija ko‘rsatgan Adhamjon jahon chempionatida oltinchi o‘rinni egalladi.

Dast ko‘tarishdagi 136 kg. natija orqali 19 yoshli Adhamjon yoshlar o‘rtasidagi rekordni yangiladi. O‘zbekistonlik polvon ushbu natijani kattalar o‘rtasidagi musobaqada qayd etgan bo‘lsa-da, jahon chempionatida bunday toifadagi rekordlar ham alohida inobatga olinadi.

Eslatib o‘tamiz, Ergashev shu yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida dast ko‘tarishda 135 kg., siltab ko‘tarishda 160 kg., umumiy hisobda 295 kg. natija bilan jahon chempioni bo‘lgandi.