29 oktyabr kuni O‘zbekiston prezidenti tomonidan bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan chetlatilgan Zoyir Mirzayev 7 noyabr kuni Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimligiga tasdiqlandi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, xalq deputatlari Sharof Rashidov tumani Kengashining viloyat hokimi Ergash Soliyev raisligida o‘tkazilgan navbatdan tashqari 42-sessiyasida tashkiliy masala ko‘rildi.

Viloyat ma’muriyati rahbari o‘z nutqida 2016 yil dekabrida Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga tayinlangan Sayfiddin Ismoilov faoliyatida so‘nggi vaqtlarda sustkashlik, e’tiborsizlik hamda qo‘yilgan vazifalarga yuzaki qarash, qo‘l ostidagilar, tuman korxona, tashkilotlari rahbarlari va faollarining fikrini inobatga olmaslik kabi salbiy holatlar paydo bo‘lganini ta’kidlab o‘tdi. Bu, Ergash Soliyevning so‘zlariga ko‘ra, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ayrim sohalarda oqosoqlikni keltirib chiqargan.

Xalq deputatlari bir ovozdan Sayfiddin Ismoilovning lavozimidan ozod qilinishini qo‘llab-quvvatladi. Shundan so‘ng ular prezident administratsiyasining roziligi bilan Mirzayev Zoyir Toirovich nomzodini Sharof Rashidov tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi viloyat hokimining 7 noyabrdagi qarorini tasdiqladi.

Eslatib o‘tamiz, Zoyir Mirzayev 2016 yil dekabrida bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi. 2018 yil fevraliga qadar bir vaqtning o‘zida Samarqand viloyati hokimi lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. Unga qadar Samarqand viloyati Jomboy tumani hokimi bo‘lgan.

Uning prezident farmoni bilan ishdan bo‘shatilishiga qishloq xo‘jaligi ishlarida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sabab bo‘lgan edi. Farmon internetda olti erkakning suv oqib turgan ariq ichida, yana olti kishining esa bug‘doy dalasida kesak ko‘tarib turgani tasvirlangan fotosuratlar tarqalganidan so‘ng qabul qilindi. Har ikki surt Toshkent viloyatida Zoyir Mirzayev tashrifi vaqtida olingan.