Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 noyabrdagi 931-son qarori bilan o‘tkaziladigan turizm sohasidagi xalqaro investitsiya forumi doirasida, 19−21 noyabrda investorlarga istisno tariqasida yer uchastkalari ajratishning alohida tartibi amal qiladi. Bu haqda Norma.uz xabar tarqatdi.
Birinchidan, turizm infratuzilmasi ob’ektlarini qurish uchun investorlarga aniq investitsiya majburiyatlari ostida yer uchastkalari elektron auksion o‘tkazmasdan ajratiladi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonning tijorat banklarida 15 ish kuni mobaynida investitsiya bitimi summasining 25 foizi miqdoridagi mablag‘ni deponentga o‘tkazish yoki 5 foizi miqdoridagi majburiyatni bajarish kafolatini (performance bond) berish sharti bilan investitsiya bitimlari tuziladi. Shundan keyin 5 kun muddatda viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yer uchastkasini ajratish to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qiladilar.
Uchinchidan, loyihaning barcha zarur shartlari, shu jumladan ajratilayotgan yer uchastkasi bo‘yicha tegishli hokimlar bilan investorlar o‘rtasida kelishuvga erishilgan taqdirda investitsiya bitimlari imzolanadi.
Viloyatlar hokimliklari 2 kun muddatda xorijiy investorlarga tayyor holatda taklif etiladigan har bir yer uchastkasi bo‘yicha investitsiya loyihalarining taqdimot materiallarini ingliz va rus tillarida tayyorlaydilar. So‘ng taqdimot materiallari oldindan ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun potensial investorlar — forum ishtirokchilariga yuboriladi.
Bitimlar tuzilganidan keyin uch oy muddatda investorlar bilan birgalikda investitsiya loyihalarini amalga oshirishning tarmoq jadvallari ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Hokimliklar, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirishda investorlarga amaliy yordam berilishini ta’minlaydilar.