Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 20 noyabr kuni Tojikistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilovni qabul qildi.

Tojikiston rahbari saytida xabar qilinishicha, uchrashuvda ikki mamlakat hamkorligi, jumladan parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ikki davlat munosabatlari strategik hamkorlikning yangi darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi.

Nurdinjon Ismoilov Emomali Rahmonni Rog‘un GESning birinchi agregati foydalanishga topshirilgani bilan tabriklab, mazkur hodisa Tojikistonning yangi tarixiga muhrlanib, ushbu loyiha nafaqat Tojikiston xalqi, balki Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha xalqlar uchun ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Rog‘un GESning birinchi agregati 16 noyabr kuni Tojikiston prezidenti tomonidan tantanali ravishda ishga tushirildi. Unda qator mamlakatlar, jumladan O‘zbekistonning yuqori lavozimli vakillari ishtirok etdi.

Vaxsh daryosidagi stansiyalar kaskadida joylashgan Rog‘un GESda har birining quvvati 600 MVt bo‘lgan oltita agregatga ega bo‘ladi. Umumiy quvvati 3600 MVt (17 mlrd kilovatt/soatdan ortiq) bo‘lgan Rog‘un GES mintaqadagi eng yirik gidroelektrstansiyalaridan biriga aylanadi.