O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 noyabr kuni axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Hujjat bilan AKTni rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiya hamda Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi tugatildi.
Ular o‘rniga AKTni rivojlantirish vazirligining Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi, Texnik ko‘maklashish markazi va «Xavfsiz shahar» markazi tashkil etildi.
Qaror axborot sohasida yagona davlat siyosati ro‘yobga chiqarilishining samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasidagi nazorat tizimini yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilindi.
Unda qayd etilishicha, axborotlashtirish sub’ektlari tomonidan qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlarining ijro etilishi ustidan nazorat va tekshirishning amaldagi mexanizmi zamonaviy talablarga muvofiq emas.
Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan joriy etilayotgan apparat vositalari va dasturiy mahsulotlarni ekspertiza va sertifikatsiyadan o‘tkazish tizimidagi kamchiliklar ularning «Elektron hukumat» tizimiga jadal integratsiyalashuvini susaytirmoqda. Telekommunikatsiya, axborot va kiberxavfsizlik sohasidagi nazorat tizimi, muhim axborot infratuzilmasining mukammal emasligi davlat axborot tizimlari ob’ektlari, raqamli iqtisodiyot va shaxsiy ma’lumotlarning zaiflashuviga olib kelmoqda, deyiladi hujjatda.
Bundan tashqari, «buzg‘unchi kuchlarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va Internet tarmog‘idan faol foydalanishi aholi, ayniqsa, o‘sib kelayotgan avlodning dunyoqarashi va ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», deyiladi qarorda.
Davlat inspeksiyasi quyidagilar ustidan davlat nazoratini o‘rnatadi:
- aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
- o‘z vakolati doirasida pochta aloqasi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalari xizmatlarining sifatli taqdim etilishi, davriy bosma nashrlar, fonogrammalar, audiovizual asarlar va EHM uchun dasturlar tarqatilishida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish choralarini ta’minlash ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
- fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlar tarqatishda (sotish, ijaraga berish va barchaning e’tiboriga yetkazishda) mualliflik huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
- ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integrallashgan axborot tizimlarini, ma’lumotlar uzatish va almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish va ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi, shu jumladan, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligi;
- «oxirgi milya» tamoyili bo‘yicha Internet tarmog‘idan keng polosali foydalanishni, multiservis aloqa tarmoqlari texnologiyalarini, mobil aloqa bozorini, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini, shuningdek, pochta aloqasi xizmatlarini va davriy bosma nashrlar tarqatishni kengaytirish yo‘li bilan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish.
Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- axborot xavfsizligiga hozirgi vaqtdagi tahdidlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va to‘plash, davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalariga noqonuniy kirib olish holatlarining oldini olishni ta’minlaydigan samarali tashkiliy va dasturiy-texnik yechimlarni tezkor qabul qilish bo‘yicha tavsiyalar va takliflar ishlab chiqish;
- qonun buzuvchilarni, axborotlar makonidagi ruxsatsiz yoxud buzuvchi harakatlarni amalga oshirishda foydalaniladigan metodlar va vositalarni tahlil qilish, identifikatsiyalashda telekommunikatsiyalar tarmoqlarining operatorlari va provayderlari, huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilish;
- axborotlashtirish ob’ektlarida (davlat sirlari bundan mustasno) apparat vositalari va dasturiy mahsulotlarni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, telekommunikatsiya jihozlari va boshqa texnik vositalarni attestatsiya, ekspertiza va sertifikatsiyadan o‘tkazish;
- davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlari va resurslari axborot xavfsizligi siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ko‘maklashish;
- davlat axborot tizimlari va resurslari, shuningdek, internet tarmog‘i milliy segmentining axborot xavfsizligini ta’minlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- Internetning milliy foydalanuvchilarini Internet tarmog‘i milliy segmentida axborot xavfsizligiga paydo bo‘layotgan tahdidlar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilish, shuningdek, axborotlarni himoya qilish bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatish.
Davlat inspeksiyasi va Markaz operativ boshqaruv huquqi asosida Toshkent shahar, Do‘rmon yo‘li ko‘chasi, 31-uy manzilidagi binoda joylashtiriladi.
Bir oy muddatda «Xavfsiz shahar» jamoat tartibiga ko‘maklashish markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston prezidenti qarori loyihasi tayyorlanishi lozim.