Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Scopus Award eng yaxshi o‘zbek olimlarini mukofotlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Izlanuvchilarning ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi taqriz qilinayotgan ilmiy adabiyotlar annotatsiyasi va iqtiboslarga qarab baholandi.

Dilshod To‘laganov (Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti), Temurbek Usmonov, Bobomurod Ahmedov (O‘zbekiston Fanlar akademiyasi) «Researcher of the Year» («Yil olimi») nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. «Women in Science» (Yil olimasi) nominatsiyasi esa Shahlo Turdiqulovaga nasib qildi.

Oltita fan kategoriyalarida ham eng yaxshi mualliflar aniqlandi. Ibrohim Abdurahmonov qishloq xo‘jaligi, Olim Ro‘zimurodov injiniring va texnologiya, Raufxon Salaxodjayev gumanitar fanlar, Ulug‘bek Abdufattoyev tibbiyot, Bahrom Umirov tabiiy fanlar, Xegay Tatyana ijtimoiy fanlari bo‘yicha mukofotlandi.

G‘oliblarga diplom va statuetkalarni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va prezident maslahatchisi Abdujabbar Abduvaxitov topshirdi.

Scopus Award mukofoti — jahoning nufuzli ilmiy mukofoti hisoblanib, Elsevier kompaniyasining dunyo miqyosidagi tashabbusi sanaladi. Mukofot olimlarning sermahsul faoliyatini rag‘batlantirish, ziyolilar mavqeni ko‘tarish hamda yoshlar o‘rtasida ilmiy faoliyat bilan professional shug‘ullanishni ommalashtirishga yo‘naltirilgan.