Qonunlar ijrosini ta’minlashdagi sustkashlik, ularga hurmatsizlik va bepisandlik u yoki bu sohaning umumtaraqqiyotdan orqada qolishiga, hatto inqirozga yuz tutishiga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda, «Davlat tili haqida"gi qonun misolida, O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev gapirdi.
Senatning chorshanba kuni ochilgan XVII yalpi majlisidagi nutqida Nig‘matilla Yo‘ldoshev 2019 yilda qabul qilinganiga 30 yil to‘ladigan qonun ijrosini tanqid qildi, xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.
O‘zbek tili rivoji bilan bog‘liq muammolarni tahlil etish maqsadida «Davlat tili haqida"gi qonunning Toshkentda, shuningdek, turli vazirlik va idoralarda ijro etilishi holati o‘rganildi. O‘rganishda qonun ijrosi «yillar davomida deyarli o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi aniqlandi», deya ta’kidladi Senat raisi.
«Eng afsusli jihat shundaki, tilning ijtimoiy ongni shakllantiruvchi muhim omil sanalishiga va inson qaysi tilda so‘zlasa va fikrlasa, o‘sha tildagi mafkuraga moyil bo‘lishiga ahamiyat qaratmadik. Aksincha, qonun ijrosini nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan parlament huzuridagi Doimiy til komissiyasi hamda Atamashunoslik qo‘mitasi faoliyatlari tugatildi, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish ishlari esa belgilangan muddatda to‘liq yakuniga yetkazilmadi», — dedi u.
Keyinchalik qabul qilingan qonunlardagi normalarning «Davlat tili haqida"gi qonunga muvofiqligini ta’minlash masalasi ham e’tibordan chetda qoldi, davom ettirdi Nig‘matilla Yo‘ldoshev. Buning dalili — «Reklama to‘g‘risida"gi, «Firma nomlari to‘g‘risida"gi va boshqa qonunlarda «Davlat tili haqida"gi qonun normalariga zid qoidalar mavjudligi.
«Qonunda javobgarlikka tortishga asos bo‘luvchi normalar mavjud bo‘lsa-da, qonun normalarining muntazam buzib kelinayotgani uchun biron bir aybdor shaxs belgilangan tartibda javobgarlikka tortilmadi. Achchiq bo‘lsa-da, aytishga to‘g‘ri keladi — bu holat qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish o‘rniga, uni ma’lum ma’noda rag‘batlantirmoqda», — dedi Senat rahbari.
«Bu kabi yana ko‘plab kamchiliklar va hanuzgacha davom etayotgan qonunbuzarliklar, ta’bir joiz bo‘lsa, qonunning egasiz va ojiz bo‘lib qolgani oqibatida davlat tili nufuzi pasaymoqda», — ta’kidladi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
«E’tibor bering: o‘nlab atamalar nafaqat kundalik iste’molda, balki normativ-huquqiy hujjatlarda ham hech bir izohsiz qo‘llanilmoqda. Turli yillar mobaynida Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 154 ta normativ-huquqiy hujjatning ilovalari davlat tilida tasdiqlanmagan. Shuningdek, 2018 yilda qabul qilingan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va agentliklarning 34 ta qo‘shma qarori ham davlat tilida emas. Buning ustiga, ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlarda „Rus tilidagi matnga qarang“, degan havolalarning mavjudligini esa, davlat tiliga o‘ta hurmatsizlik sifatida baholash mumkin», — dedi u.
Nafaqat nodavlat teleradiokanallari, balki O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallarida ham boshlovchilar tomonidan adabiy til qoidalariga zid ravishda turli shevalarda so‘zlash salbiy odat tusiga aylanmoqda, davom ettirdi Senat raisi. «Telekanallarda efirga berilayotgan nomi inglizcha-yu, o‘zi go‘yoki o‘zbekcha ko‘rsatuvlar til qoidalariga mutlaqo yotligi mas’ullarni ham, ko‘rsatuvlarni tayyorlovchi qo‘shtirnoq ichidagi «ijodkor"larni ham hech bo‘lmaganda uyaltirmayapti».
«Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida saboq olishni boshlagan yosh avlod bugun 23 yoshdan oshdi. Fundamental ilmiy, badiiy, siyosiy va boshqa adabiyotlarning aksariyati esa, kirilchada qolib ketgan. Oqibatda hayotning ayni ilm olishga zarurat va ishtiyoq tug‘ilgan jo‘shqin pallasida aksariyat yoshlarning imkoniyati cheklanib qolmoqda», — dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
«Bir so‘z bilan aytganda, tilimizning abgor holatga tushib qolayotganiga o‘zimizdagi beparvolik va e’tiborsizlik sabab bo‘lmoqda», — deya ta’kidladi u.
Senat Kengashi Vazirlar Mahkamasi va boshqa mas’ul tuzilmalarga sanab o‘tilgan kamchiliklarni, davlat tili rivojiga to‘siq bo‘layotgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalarni berdi.
Xususan, «Davlat tili haqida"gi qonun ijrosini to‘liq ta’minlashga oid kompleks chora-tadbirlar belgilangan «Yo‘l xaritasi"ni tasdiqlash, qonun talablarining vazirlik va idoralar tomonidan bajarilishi holatini Vazirlar Mahkamasining rayosatida muntazam muhokama qilib borish zarurligi belgilandi.
Senat raisi, shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan parlamentning yuqori palatasi tavsiyalariga asosan norma ijodkorligi jarayonida «Davlat tili haqida"gi qonun talablariga rioya etish bo‘yicha talabning kuchaytirilayotganini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.