O‘zini Mudofaa vazirligida ishlovchi polkovnik deb tanishtirgan DXXga ishga kiritib qo‘yaman deb pul olgan qamashilik hamda o‘zini DXX xodimi deb tanishtirib, muammolarni hal qilib berish va’dasi bilan odamlardan pul olgan xivalik shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
1955 yili Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida tug‘ilgan Jabborov Mahmaraim Salomovich mahalliy fuqaroga o‘zini Mudofaa vazirligining maxsus operatsiyalar bo‘limidan polkovnik Jabborov Mahmaraim Salomovich, deb tanishtirib, uni kelgusida Davlat xavfsizlik xizmati idoralariga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qiladi va evaziga 8 ming AQSH dollari so‘raydi. U Qamashi tumani Iftixor ko‘chasida joylashgan «Hunarmand» oshxonasida yuqorida qayd etilgan 8 ming AQSH dollaridan 4 mingini olayotgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Tezkor tadbir davomida uning yonidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining maxsus operatsiyalar bo‘limi, polkovnik Jabborov Mahmaraim Salomovich nomiga soxta ma’lumotlar bilan yozilgan qalbaki xizmat guvohnomasi topildi.
Bundan tashqari, o‘zini DXX xodimi deya tanishtirib, odamlar ishonchiga kirgan va hokimiyat idoralari bilan bog‘liq muammolarini hal qilib berish evaziga tovlamachilik qilib, ularning pulini olish bilan shug‘ullangan Xiva shahrida yashovchi 39 yoshli Dilshod Ro‘zmetovning ham noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, Dilshod Ro‘zmetov bir necha fuqaroga yer uchastkalari ajratib berilishida yordamlashishni va’da qilib, ulardan jami 100 ming dollardan ortiq miqdorda pul olgan.
Hozirda Mahmaraim Jabborov hamda Dilshod Ro‘zmetovga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.