Prezidentning 2018 yil 4 sentyabrdagi «Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, endilikda quyidagi ta’sir choralari foydalanilmayotgan ob’ektlarning xususiy mulkdorlariga, yuridik shaxslar bilan bir qatorda jismoniy shaxslarga ham qo‘llaniladi:
soddalashtirilgan soliqqa tortish tartibidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni umumbelgilangan tartibda to‘lashga o‘tkazish;
mol-mulk va yer soliqlarini ikki karra miqdorda to‘lash, 6 oydan so‘ng — besh karra, 12 oydan so‘ng va keyinchalik — o‘rnatilgan stavkaga nisbatan o‘n karra miqdorda to‘lashga o‘tkazish;
taqdim etilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalar amal qilishini to‘xtatish. Ilgari bu ta’sir choralari faqat yuridik shaxslarga ko‘llanilgan, jismoniy shaxslar esa nazarda tutilmagan.