Botir Daminov Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori lavozimini saqlagan holda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Unga yuqori malakali va sifatli, xalqaro talablarga mos keladigan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan texnologik moddiy va ilmiy bazani, ushbu yo‘nalishdagi maktabni shakllantirish, ixtisoslik bo‘yicha kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va ularni davolash, jumladan, aholiga yuqori malakali nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish, shuningdek, buyrak transplantatsiyasi amaliyotini yanada takomillashtirish kabi dolzarb vazifalar yuklandi.

Shuningdek, soha bo‘yicha yetuk kadrlarni tayyorlash, xodimlarning xorijiy yetakchi tibbiyot muassasalari va klinikalarida malaka oshirishlarni tashkil etish, ilg‘or usul va innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, mintaqalarda zarur profilaktik ishlar o‘tkazishda ko‘maklashish kabi yo‘nalishlarga ham mas’ul etib belgilandi.

Yangi markaz prezident Shavkat Mirziyoyevning 12 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida tashkil etildi. Hujjatga muvofiq, Respublika nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazida qurilish va ta’mirlash ishlariga 7 mlrd so‘m, tibbiyot va diagnostika uskunalari, jumladan, yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlashga esa 2 mln dollar ajratildi.