Joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha tumandagi yillik aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan 430 ta yagona soliq to‘lovchilar kelgusi yildan umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tadi, deya xabar qildi Toshkent DSB matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga.

Shu munosabat bilan Sergeli tumanida tashkil etilgan seminarda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Normat Tursunov, Sergeli tuman hokimi Nozim Husanov, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Mirpo‘latov kelgusi yildan soliq qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgarish hamda yangiliklar xususida ishtirokchilarga batafsil tushuntirish berdi.

Yuzma-yuz muloqot jarayonida Qayd etilganidek, prezident Shavkat Mirziyoyevning 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida"gi farmoniga asosan, xodimlar sonidan qat’i nazar, tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan sub’ektlar umumbelgilangan soliq to‘loviga o‘tadi.

“Bugun mamlakatimiz soliq ma’muriyatchiligida yangi tizim yaratildi. Ya’ni, soliq xizmati organlari tekshiruvchi emas, xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan idoraga aylanmoqda, — dedi Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Normat Tursunov. — Jumladan, poytaxtimiz tadbirkorlari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida barcha tuman davlat soliq inspeksiyalarida „Maslahat xizmatlarini ko‘rsatish“ darchalari tashkil etildi. Bundan tashqari, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan yillik aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan tadbirkorlik sub’ektlarini o‘z vaqtida umumbelgilangan soliq to‘lashga o‘tkazish yuzasidan poytaxtimizning barcha tumanlarida o‘tkazilgan tadbirlarda 4 mingga yaqin soliq to‘lovchilar ishtiroki ta’minlandi. O‘ylaymizki, bugungi seminarda har bir ishtirokchi o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oladi hamda barcha muammolar shu yerda hal etiladi”.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sergeli tumanida amaldagi soliq qonunchiligi asosida 108 ta qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar mavjud bo‘lib, ular tomonidan byudjetga 149,2 mlrd so‘m tushum ta’minlangan. Joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha tumandagi yillik aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan 430 ta yagona soliq to‘lovchilar kelgusi yildan umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tadi.

Shuningdek, tumani davlat soliq inspeksiyasining malakali xodimlaridan iborat maslahat guruhi tashkil etilib, joylarga chiqqan holda tadbirkorlik sub’ektlariga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Jumladan, Sergeli tumanida ruyxatdan o‘tgan “Ariya teks” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurib, korxona hisobchisi va rahbari ishtirokida qo‘shilgan qiymat solig‘i tizimiga o‘tish tartibi to‘g‘risida batafsil malumotlar berildi.