Soliq kodeksining yangi tahriri sentyabr oyiga kelib ishlab chiqiladi. Bu 2019 yil uchun Davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan, deyiladi Norma.uz xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Soliq kodeksining yangi tahriri loyihasini tayyorlash sanasi ikki marta belgilangandi. Dastlab davlat rahbari tomonidan hujjatni 2018 yil 1 iyulga ishlab chiqish topshirilgan edi. Biroq keyinroq bu muddat 2018 yil 1 dekabrga qadar uzaytirilgandi.
Ammo, o‘tgan yilning oktyabr oyi oxirida moliya vaziri hujjat ustida ishlash ko‘proq vaqt talab etishini bayon etdi. Ikkita variant ko‘rib chiqilgan edi: belgilangan muddatda «xom» kodeksni qabul qilish va 2019 yilda unga tuzatishlar kiritish yoki amaldagi hujjatga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish, yangi tahrir ustida ishlashni «shtatli» rejimda davom ettirish.
Yangi kodeksning loyihalari taqdim etilganiga qaramay — avval Moliya vazirligi Maxsus qismi loyihasini e’lon qildi, birozdan so‘ng LBMA ikkala qismining o‘z versiyasini taqdim etdi — harakatlarning ikkinchi varianti amalga oshirildi. Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining qoidalari amaldagi Soliq kodeksiga implementatsiya qilindi.
Kodeksning yangi tahriri ustida ishlash ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda, xalqaro moliya tashkilotlari mutaxassislari bilan birgalikda davom ettiriladi. Unda muvozanatga rioya qilish zarur: halol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish va yashirin faoliyat yuritadigan sub’ektlarni jazolash mexanizmlarini joriy etish lozim. Tegishli qonun loyihasi ko‘rinishidagi ish natijasini Moliya vazirligi va DSQ boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 sentyabrga qadar taqdim etishlari kerak.
2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan. 15 yanvarga qadar muhokamada ishtirok etish, loyihaga sharhlar, fikr-mulohaza va takliflarni qoldirish mumkin.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.