2019 yilning 1 fevralidan poytaxtning tuman hokimliklari huzurida Investorlarni qo‘llab-quvvatlash markazlari ish boshlaydi. Markazlar investitsiya loyihalarini amalga oshirishda xorijiy investorlarga, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ko‘maklashadi. Bu me’yorlar Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 yanvardagi 4-son qarori bilan belgilangan, deyiladi Norma.uz xabarida.
Quyidagilar markazlarning asosiy vazifalari etib belgilandi:
investorlarga tumanlarning salohiyati, tuman hokimliklari tomonidan tayyorlangan aniq investitsiya takliflari, mavjud imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlarni olishda ko‘maklashish;
investorlarini bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari va foydalanilmayotgan yer uchastkalari, shuningdek, ularni taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan ta’minlash;
investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishda investorlarga maslahatlar berish, shu jumladan ularga konsalting xizmatlari (loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari va boshqa hujjatlarini ishlab chiqish) ko‘rsatish;
davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, tijorat banklari vakillari ishtirokida tumanlarning investitsiya imkoniyatlari masalalari bo‘yicha tadbir va uchrashuvlar tashkil etish;
xorijiy investorlar bilan hamkorlikda, shu jumladan bo‘sh turgan, foydalanilmayotgan ob’ektlar va yer uchastkalari negizida loyihalarni amalga oshirish uchun salohiyatli mahalliy sheriklarni topish;
investorlarga muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishda ruxsat beruvchi hujjatlar, shu jumladan qurilish ishlarini amalga oshirishga ruxsat berishga doir hujjatlarni olishda ko‘maklashish;
loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni amalga oshirishda yuzaga keladigan muammolarni tezkor hal qilish, shuningdek, xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etiladigan korxonalarning samarali faoliyat ko‘rsatishiga yordam berish;
xorijda o‘tkaziladigan xalqaro investitsiya va biznes-forumlar uchun materiallar, videoroliklar, investitsiya takliflari va taqdimotlar tayyorlashda ishtirok etish.
Shu o‘rinda Toshkent shahar hokimligi, tuman hokimliklari va davlat boshqaruvi organlari rahbarlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish sohasida quyidagilarga e’tibor qaratadilar:
Toshkent shahrida biznes yuritish uchun investitsiya muhitini yaxshilash;
yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni, shu jumladan kichik sanoat zonalari va texnoparklarda ularning ishlab chiqarish hajmi va eksportini ko‘paytirgan holda rivojlantirish uchun infratuzilma tashkil etish;
mintakaning turistik markazi sifatida poytaxtning jozibadorligini oshirish, ichki va xorijdan tashrif buyuradigan turistlar oqimini ko‘paytirish, turli formatdagi mehmonxonalar tarmog‘ini tashkil qilish, shuningdek, tibbiyot turizmini rivojlantirish;
xalkaro yetakchi oliy ukuv yurtlari filiallarini ochish, sog‘liqni saqlash muassasalarini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini qo‘llagan holda qurish, qayta tiklash va texnik qayta jihozlash;
transmilliy kompaniyalar, yirik xorijiy moliya korporatsiyalarini jalb qilish, poytaxtni mintaqaviy moliya markazi sifatida rivojlantirish;
xususiy investitsiyalarni zamonaviy ofis binolari va uy-joy komplekslari qurilishiga jalb qilish, ularni tsgishli infratuzilma bilan ta’minlash, poytaxtning alohida hududlarida «smart city» va «green city» tizimlarini tadbiq qilgan holda qurilish ishlarini yanada rivojlantirish;
muhandislik-kommunal infratuzilmasini rivojlantirish, kommunal xizmatlar sifatini va ommabomligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarini tatbiq qilish va xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etiladigan korxonalarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini jadallashtirish.
Qaror bilan shuningdek, xorijiy investitsiyalar ishtirokida Toshkent shahrida amalga oshiriladigan loyihalar ro‘yxati va investitsiyalar, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun Toshkent shahri tumanlarini rivojlantirishning ustuvor sohalari tasdiqlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2019 yil 5 yanvardan kuchga kirdi.