O‘zbekiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 320 ta loyiha doirasida 4,2 mlrd dollar o‘zlashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov 9 yanvarda bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub majlisida ma’lum qildi.

2019-yilgi Investitsiya dasturiga umumiy qiymati 16,6 mlrd dollar bo‘lgan 3000 dan ortiq loyiha kiritilgan. Jumladan, 3,2 mlrd dollarlik 140 ta ishlab chiqarish korxonalarini qurish rejalashtirilgan.

“Albatta, bu O‘zbekistonning butun investitsiyaviy salohiyatini o‘zda aks ettirmaydi. So‘nggi vaqtlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosati sharofati bilan yanada ko‘proq xorijiy investitsiyalar jalb etilishi mumkin. Bugun qo‘mita turli sohalar, jumladan to‘qimachilik (1 mlrd dollarga yaqin), meva-sabzavotchilik (900 mln dollar), turizm (700 mln dollar) sohalari va qurilish materiallarini ishlab chiqarish (1 mlrd dollardan ortiqroq) bo‘yicha yirik loyihalarni o‘z ichiga oluvchi umumiy qiymati 11 mlrd dollar bo‘lgan investitsion takliflar paketini ishlab chiqqan”, — dedi Davlat investitsiyalar qo‘mitasi rahbarining birinchi o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda investitsiyalarni jalb etishda viloyatlarning ulushi ikki barobarga ortadi. “Avval hududlar ulushi 36−37 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2019-yilda bu raqam 50 foizgacha ortadi. Hududlarda o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ikki barobardan ortadi. Agar 2−3 yil avval biz hududlarga 700−800 mln dollar jalb etgan bo‘lsak, bu yil so‘ngiga qadar qariyb 2 mlrd dollar bo‘lishi kutilayapti”, — dedi u.

Laziz Qudratov invest.gov.uz investitsiya portali orqali mahalliy tadbirkorlar loyiha takliflarini o‘z ichiga olgan arizalarni qoldirish orqali xorijiy investorlarni topishlari mumkinligini eslatib o‘tdi. Davlat investitsiya qo‘mitasi mutaxassislari investorlar uchun xalqaro standartlar bo‘yicha investitsion takliflarni tayyorlaydi.