Yog‘-moy tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar va sohani boshqarishda bozor mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.
Qaror bilan Yog‘-moy sanoati korxonalari uyushmasi tashkil etildi.
«O‘zyog‘moysanoat» uyushmasining asosiy vazifasi yog‘-moy xom ashyolarini qayta ishlash va yog‘-moy sanoatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish hisoblanadi.
2022 yil 1 yanvargacha uyushma mol-mulk solig‘i va foyda solig‘idan ozod etildi.
O‘zyog‘moysanoat" uyushmasi tarkibiga kiradigan tashkilotlar 2021 yil 1 yanvargacha:
o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish maqsadida import qilinadigan soya dukkagi, kungaboqar va boshqa moyli o‘simliklar urug‘lari bo‘yicha bojxona to‘lovlaridan;
qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilindi.
Yog‘-moy sanoati korxonalariga 2022 yil 1 yanvargacha respublikada ishlab chiqarilmaydigan kaustik soda, aktivlashtirilgan tabiiy mineral mahsulotlar va katalizatorlar importida qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashni 90 kunga kechiktirish imkoniyati berildi.
Qaror bilan hukumatga quyidagi vazifalar yuklandi:
Yog‘-moy sanoatida amaldagi ishlab chiqarishlarni texnik va texnologik jihatdan yangilash va yangilarini tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan «Yo‘l xaritasi"ni tasdiqlash;
2019−2020 yillarda 150 million AQSH dollari miqdoridagi 37 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishni 90 foizgacha yetkazish;
2021 yilgacha yog‘-moy xom ashyolari jamg‘arish miqdorini 100 ming tonnagacha yetkazish;
2021 yilgacha o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish hajmlarini 400 ming tonnagacha yetkazish.
Shuningdek, yog‘-moy sanoati tarmog‘i kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy markaz tashkil etiladi.